Axsikent – buyuk tariximiz ko‘zgusi
Qadimiy davlatlardan biri Farg‘ona (Davan) davlati haqida guvohlik beradigan Axsikent yodgorligi Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Shahand qishlog‘i hududida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan.
Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan bo‘lib, qadimgi Farg‘ona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yo‘lining asosiy shaharlaridan biri bo‘lgan.
Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida ko‘p yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti bo‘lgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.
Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat bo‘lgan. Bu yerda o‘z davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1219 yilda mo‘g‘ullar tomonidan shahar butunlay vayron qilingan. Qasrning eski o‘rnidan 5-7 kilometr g‘arbda bunyod etilgan yangi shahar Axsi XIV-XVII asrlarga oiddir. 1620 yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron bo‘lgan.
Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan bo‘lib, bu joy Farg‘ona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlik hisoblanadi. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jome masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib o‘rganilgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur Axsikent haqida o‘zining “Boburnoma” asarida 1494 yilgi voqealar bobida alohida to‘xtalgan.
Axsi va unga yondosh hududlardagi olib borilgan qazishmalar natijasida ko‘plab noyob topilmalar qo‘lga kiritildi.
Bugungi kunda Namanganda “Axsi sayyidlari” ilmiy-ma’rifiy, me’moriy majmuasida Axsi osori-atiqalar muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan, Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish bo‘yicha ulkan ishlar olib borilmoqda. “Axsikent” arxeologiya merosi ob’ektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi” davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
[gallery-11920]
Mazkur yodgorlik viloyat sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik ko‘rgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar o‘tkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlarning mazkur tarixiy yodgorlikka qiziqishi ortmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA