Joriy yil 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida XIX Osiyo o‘yinlari o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 22 oltin, 18 kumush va 31 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Mazkur musobaqada yengil atletikaning uch hatlab sakrash bahslarida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Sharifa Davronova 14.09 natija ko‘rsatib, oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Uning 17 yoshida bunday katta marrani zabt etishi zamirida mamlakatimizda yosh avlodning o‘zlari qiziqqan sport turlari bilan shug‘ullanishlari uchun keng imkoniyatlar va sharoitlar yaratilayotgani, barcha hududlarda sport to‘garaklari faoliyat olib borayotgani, inshootlar zarur inventarlar va murabbiylar bilan ta’minlangani yotadi. Mazkur to‘garaklardan Sharifa Davronovadek iqtidorli sportchilar yetishib chiqayotgani sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.

Sharifa Davronova 2006 yilning 27 sentyabr kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. Atletikachi qizimiz onasi Nasiba Hoshimovaga sportchi bo‘lish istagi borligini va kelgusida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilishi haqida orzularini aytadi va Nasiba opa qizining bu istagini amalga oshirish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Sharifa 2016 yil yengil atletika bo‘yicha murabbiy Muzaffar Karimovdan sport sirlarini o‘rganishni boshladi. Tinimsiz mehnat va g‘alabaga bo‘lgan intilishlar 2020 yil yosh atletimizni mamlakat chempionatiga yetaklaydi. Ilk bor kattalar o‘rtasidagi ushbu chempionatda Sharifa 100 metrga yugurish va uch hatlab sakrash bahslarida qatnashadi va musobaqa g‘olibiga aylanadi.

Turli milliy musobaqalarda toblanib, mahoratini yanada oshirgan Sharifa 2021 yil barcha mahalliy chempionatlarda uch hatlab sakrash bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. O‘sha yili Qozog‘istonda 2004 yil va undan kichik yoshdagi yengil atletlar o‘rtasidagi xalqaro turnirda 60 metr masofani 7,72 soniyada bosib o‘tadi. Uning bu natijasi musobaqaning oltin medali va U-16 toifasidagi O‘zbekistonning yangi rekordini olib keladi. Shuningdek, ushbu turnirning uch hatlab sakrash bahslarida 12,73 metr natija ko‘rsatib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oladi.

– Milliy chempionatlar va ilk xalqaro turnirlarda oltin medalni qo‘lga kiritganida chin qalbimdan quvondim, ko‘zlarimda quvonch yoshlari qalqidi, – deydi sportchimizning onasi Nasiba Hoshimova. – Qizimning bu yutuqlari, albatta oxirgisi bo‘lmasligiga ishonardim. Men nafaqat uning g‘alabalariga, balki 10 yoshida qilgan orzusi ushalganidan xursand edim. Ona sifatida farzandning kichik yutug‘i ham ulkan tog‘dek ko‘rinadi va bu tabiiy holat. Umid qilamanki, qizim hali katta marralarni zabt etadi va uning bu muvaffaqiyatlari barcha o‘zbek xalqiniki bo‘ladi.

Sh.Davronova 2022 yil tengqurlari orasida har qanday erishish mumkin bo‘lgan sovrinlarni qo‘lga kiritdi. U uch hatlab sakrashda jahon miqyosida nafaqat U-18 yosh toifasida, balki o‘smirlar va o‘zidan 2-3 yosh kattalar orasida mavsumning eng yaxshi natijalarini qayd etdi. Mazkur yilning qish mavsumini O‘zbekiston kubogi va chempionatlaridagi g‘alabasi bilan boshladi. Shuningdek, u Turkiyaning Bursa shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda uch hatlab sakrashda 13,55 natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Kolumbiyaning Kali shahrida bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi jahon chempionatining uch hatlab sakrash bellashuvlarida chempionga aylandi. V Islom birdamlik o‘yinlarida ham o‘z yo‘nalishida delegatsiyamiz hisobiga oltin medal keltirdi. O‘tgan yilgi mavsumda Samarqand shahri mezbonlik qilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari ochiq chempionati va Quvayt mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida uzunlikka sakrash va uch hatlab sakrash bo‘yicha shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Yuksak marralarni ko‘zlayotgan atletikachi qizimiz bu yilgi mavsumni doimgidek, mamlakatimiz kubogidan boshladi. Mazkur musobaqada Sharifa 13,77 metrga sakrab, yopiq inshootlardagi yangi O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi. 11 fevral kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan yopiq inootlardagi Osiyo chempionatida 13,98 metr natija bilan musobaqa oltin medaliga ega chiqdi.
Mazkur muvaffaqiyatlardan so‘ng Sharifa Davronova 2023 yilning 7 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga ko‘ra, sportdagi yutuqlari uchun “Kelejak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi. 2023 yilning aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida u ikki marotaba shohsupaga ko‘tarildi. Aniqrog‘i, uzunlikka sakrashda kumush, uch hatlab sakrashda oltin medal sohibiga aylandi.
Sharifa Davronova “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. U terma jamoamiz safida mashg‘ulotlarga kirishdi. Sportchimiz ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazdi, xalqaro musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rdi va ularda munosib ishtirok etishi uchun barcha yaratilgan imkoniyatlardan foydalandi.

Muhim tayyorgarlikdan so‘ng, atletimiz o‘z mahoratini sinovdan o‘tkazish maqsadida Gennadiy Arzumanov xotira turnirida qatnashdi va milliy rekordini 14.23 metrga yangiladi. Sharifa 2023 yil XIX Osiyo o‘yinlarida uch hatlab sakrash bahslarida 14,09 mertga sakrab musobaqa g‘olibiga aylandi. Uning bu g‘alabasi evaziga yurt bayrog‘i baland ko‘tarildi va O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Ha, mamlakatimizda har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani samarasi o‘laroq qit’a miqyosida o‘tkaziladigan har to‘rt yillikning nufuzli musobaqasi – Osiyo o‘yinlarida sportchilarimiz muntazam yuqori natijalarga erishib kelmoqda.
Sharifa Davronova ushbu muvaffaqiyatga 17 yoshida erishdi. Umid qilamizki, kirib kelayotgan 2024 yilda atletikachimiz yangidan-yangi marralarni zabt etadi. “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, bolalik chog‘idagi orzularini ro‘yobga chiqaradi. Bu uchun unda keng imkoniyatlar yaratilgan.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA