Surxondaryolik 17 yil deganda fuqarolik pasportini olgan Yulduz Saidovaning quvonchi cheksiz.
Sho‘rchi tumani ichki ishlar bo‘limi tomonidan 33 yoshli Yulduz Saidovaga fuqarolik pasporti berildi.

— 1994 yil oilamiz bilan Tojikiston Respublikasidan Sho‘rchi tumanining “Qoraariq” mahallasiga ko‘chib kelganimizda 5 yoshda bo‘lganman, — deydi Yulduz Saidova. — Shu yerdagi maktabda ta’lim oldim, orzu umidlarimning ro‘yobi uchun harakat qildim. Faqatgina, fuqarolik pasportim bo‘lmagani sababli saylovlarda ishtirok etish baxti meni chetlab o‘tardi, oliygohda tahsil olish niyatim ham o‘z vaqtida amalga oshmadi. Ammo, fuqarolik pasport olishga, orzularimni amalga oshirishga bo‘lgan ishtiyoq menga tinchlik bermadi. Mana, nihoyat niyatimga yetdim. O‘zbekistonning chinakam fuqarosiga aylandim. Endi barcha huquq hamda erkinliklardan to‘laqonli foydalana olaman. Fuqarolik maqomiga erishganim, orzularimning ro‘yobi uchun xizmat qiladi.
Yulduz Saidova quvonch ko‘z yoshlari ila fuqarolik pasportini qo‘liga olarkan, eshitilar-eshitilmas "Qadrimni ifodalovchi baxtim, hayotim, ertangi kunim, faxru iftixorim”, deya darrov ko‘ksiga bosdi.
Aslida, bir insonning ko‘ngliga yo‘l topishning o‘zi murayeyeab ish. Butun xalq dardu tashvishlariga malham bo‘lish, orzu-umidlariga qanot bag‘ishlash esa nihoyatda qiyin va ayni damda juda ulug‘vor mas’uliyatdir. Mamlakatimizda esa har bir insonning ko‘ngliga yo‘l topish, muammolarini hal etish choralari ko‘rilmoqda. Natijada Yulduz kabi yurtdoshlarimizning yuzi kulmoqda.
Nigina Shoyeva, jurnalist.