Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
17 ta xorijiy kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishni rejalashtirmoqda
14:16 / 2025-05-27

Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan O‘zbekistonning texnologik markaz sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlash, IT eksporti va xalqaro hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni ochuvchi forumlar tashkil etilmoqda.

Forumga tashrif buyurgan xalqaro tashkilotlar yurtimizda IT salohiyatini chuqur o‘rganib, O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish maqsadida turli shartnoma hamda memorandumlar imzolamoqda.  

Kuni kecha Toshkent shahrida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT Park Uzbekistan tomonidan tashkil etilgan xalqaro “Growth Point”: O‘zbekiston raqamli biznes uchun” forumi MDH davlatlari hamda boshqa mintaqalardan yetakchi IT kompaniyalar, BPO sektor vakillari, raqamli agentliklar, jami 160 dan ortiq vakillarni birlashtirdi.  

IT Park Uzbekistan hududida tashkil etilgan forumning birinchi kuni raqamli transformatsiya bo‘yicha strategik masalalarga bag‘ishlandi. Sessiyalarni raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos va IT Park bosh direktori Abdulahad Qo‘chqorov ochib berdi. Ular IT -ekotizimini kengaytirish va xorijiy investorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga urg‘u berishdi.

Forum ishtirokchilari o‘z biznesini O‘zbekistonda  mahalliylashtirgan kompaniyalar tajribasi bilan tanishdilar.

Forum doirasida Davlat xizmatlari markazi bilan hamkorlikda 5 ta xorijiy kompaniyaning yuridik shaxslari ro‘yxatdan o‘tkazildi. Yana 12 ta kompaniya yaqin orada o‘z vakolatxonalarini ochish va rezident maqomini olish niyatida ekanini tasdiqladi. Umuman olganda, forum yakunlariga ko‘ra 17 ta xorijiy kompaniya O‘zbekistonda o‘z ofislarini ochishni rejalashtirmoqda.

“Growth Point” forumi oddiy muloqot maydonchasi bo‘lishdan tashqari, yangi taraqqiyot bosqichining boshlanish nuqtasiga aylandi. O‘zbekiston nafaqat biznes yuritish uchun qulay muhit yaratmoqda, balki raqamli transformatsiyalarni boshqarishda o‘z yetukligini ham namoyon qilmoqda.  

N.Rahmonova,

O‘zA