Har yili 17 noyabr – Xalqaro talabalar kuni sifatida butun dunyoda nishonlanadi. Bugungi kunda bu sana talabalar faolligi, ularning huquq va erkinliklari, jamiyatdagi o‘rni va kelajakdagi roli haqida o‘ylashga undaydi.
Xalqaro talabalar kuni 1939 yilning 17 noyabrida Chexoslovakiyaning Praga shahridagi fojiali voqealar sababli yuzaga kelgan. Bu kun, asosan, talabalarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga bag‘ishlangan bo‘lib, butun dunyoda talabalar hamjamiyati uchun ahamiyatli hisoblanadi.
1941 yilda London shahrida o‘tkazilgan Xalqaro talabalar kengashida 17 noyabr “Xalqaro talabalar kuni” deb e’lon qilindi.
Bugungi kunda bu kun talabalarning huquqlari, erkinliklari va jamiyatdagi o‘rniga bag‘ishlangan xalqaro bayram sifatida nishonlanadi.

Xalqaro talabalar kuni bu oddiy taqvim sanasi emas. U talabalarning erkinlik uchun ko‘rsatgan jasorati, ma’rifat va adolatni himoya qilishdagi qat’iy qarashining ramzidir.
Bugungi talabalar nafaqat ilm egasi, balki jamiyatning yangilanishi, demokratiyaning mustahkamlanishi va erkin fikrning davomiyligi uchun mas’ul avloddir.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA