FOTOREPORTAJ
Talabalik – oltin davrim
Talabalik cheksiz imkoniyatlar davri, ulkan maqsadlar sari olib boruvchi, umrimizning zavqu shavqqa to‘lgan eng go‘zal pallasidir. Bugun ayni shu davrning sururini madh etgan holda Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari institutida “Talabalik oltin davrim” nomli madaniy ko‘ngilochar tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi A. Mansurov hamda institut rektori R. Karimov so‘z olib, talaba-yoshlarni ushbu kun bilan qutlagan holda, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga hamisha tayyor ekanliklarini bildirdi.
Institut tashkil topganiga hali ko‘p vaqt to‘lmagan bo‘lsada, hozirda 1700 ga yaqin talaba o‘quv mashg‘ulotlarini namunali o‘zlashtirish barobarida turli sohalarda ham faollik ko‘rsatib, yaxshi natijalarga erishib kelmoqda. Sana munosabati bilan ana shunday yigit-qizlardan 75 nafari tashakkurnoma hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirda talabalar tomonidan tashkil etilgan ko‘rgazmalar, tasviriy san’at asarlari va erishilgan yutuqlar namunalari, turli xalqlarning milliy taomlari, liboslari, qadriyat hamda mehmondo‘stlik kabi urf-odatlarini mujassam etgan namoyishlar hech bir mehmonni e’tiborsiz qoldirmadi.
Kechaga ko‘tarinkilik bag‘ishlagan badiiy qism orqali institutning “Young Pover” quvnoqlar va zukkolar jamoasi chiqishlari, jozibador raqslar, Vatan, yoshlik sururi haqida aytilgan qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, musiqiy va she’riy parchalar barchaga birday ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
[gallery-14631]
E’tiborlisi, 9 ta tilda mutaxassislar tayyorlaydigan institutda 20 ta davlat bilan o‘zaro hamkorlikda ish olib borilmoqda. Shu bois jamoaning har bir bayramida do‘stlik, birodarlik an’analari aks etadi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA