Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
17 noyabr — Xalqaro talabalar kuni
14:53 / 2022-11-17

Ma’lumki, 17 noyabr — Xalqaro talabalar kuni sifatida keng nishonlanadi. Mazkur kunni talab-yoshlar tomonidan xursandchilik ila nishonlash an’ana tusini olgan. Ammo ushbu kunning kelib chiqish tarixiga nazar solsak, g‘oyat fojialidir. Bundan esa ko‘pchilik xabardor bo‘lmasligi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1939 yil 28 oktyabrda Pragadagi Charlz universiteti talabalari Chexoslovakiya Respublikasi mustaqilligining 21 yillik bayrami munosabati bilan miting o‘tkazadi. Ushbu namoyish fashist bosqinchi kuchlari tomonidan shafqatsizlarcha bostiriladi. 15 nafar talaba og‘ir yaralanadi va ulardan biri ikki hafta o‘tgach, jarohat oqibatida vafot etadi. Bundan qayg‘uga tushgan talabalar 15 noyabr Praga shahri bo‘ylab dafn marosimini fashist kuchlariga qarshi namoyishga aylantirib yuboradi.   

1200dan ortiq talabalar hibsga olinadi. 1939 yil 17 noyabrda namoyishchilarning 9 nafari — 8 talaba va 1 nafar professor qatl etiladi. Deportatsiya qilingan 1200 nafar talabadan kamida 20 nafari qamoqda omon qolmaydi. 1941 yilda Londonda Xalqaro talabalar kengashi bo‘lib o‘tadi va Kengashda ushbu voqea munosabati bilan talabalar qatl qilingan sana — 17 noyabr — Xalqaro talabalar kuni deb e’lon qilingan.  

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021/22-o‘quv yili boshiga respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan talabalar soni 808,4 mingtani tashkil etgan. Shundan talaba yigitlar 439,4 ming, talaba qizlar 369 mingni tashkil qiladi.    

— Bugun Yangi O‘zbekistonimizda biz yoshlarga barcha imkoniyatlar eshiklari ochiq. O‘qish, bilim va malakamizni oshirish uchun keng sharoitlar yaratilgan, — deydi O‘zbekiston milliy universiteti talabasi Diyora Ramazonova. — Bundan unumli foydalanib, o‘z ustimizda ishlashimiz, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishimiz, axborot texnologiyalari imkoniyatlarini faol qo‘llay bilishimiz lozim. Zero, bugungi xalqning ertangi kelajagi biz yoshlarga bog‘liq ekan, Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yish maqsadi oldimizda turgan ekan, shunga munosib bo‘lishimiz zarur.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA