French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
17 noyabr – Butunjahon surunkali obstruktiv o‘pka kasalligiga qarshi kurash kuni
18:17 / 2025-11-17

Har yili 17 noyabr – Butunjahon surunkali obstruktiv o‘pka kasalligiga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana millionlab insonlar hayotiga bevosita ta’sir qiluvchi jiddiy sog‘liq muammosini yengillashtirish uchun dunyo miqyosida birlashishning muhim omili.

Mazkur kunning asosiy maqsadi surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi haqida aholining xabardorligini oshirish, erta tashxis qo‘yish, o‘lim darajasini kamaytirish hamda sog‘liqni saqlash mutaxassislari, siyosatchilar va jamoatchilikni bir maqsad atrofida birlashtirishdan iborat.

Surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi – bu nafas yo‘llarining torayishi va alveolalarning zararlanishi natijasida nafas olish jarayoni doimiy cheklanib boradigan, belgilari asta-sekin kuchayib borish xususiyatga ega bo‘lgan kasallik. U odatda yillar davomida rivojlanadi va dastlabki bosqichlardagi yengil belgilar, ya’ni yo‘tal, nafas qisishi, holsizlik ko‘pincha e’tiborsiz qoldiriladi.  

Shu sababli dunyoning ko‘plab davlatlarida ushbu kasallikka chalinganlarning chorak qismigagina o‘z vaqtida tashxis qo‘yiladi.

Surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi ko‘pincha 40 yoshdan oshganlarda rivojlansa-da, kasallikning boshlanishi bundan ancha oldin boshlanishi mumkin. Ayniqsa, tamaki chekuvchilarda dastlabki belgilar 40 yoshdan avval paydo bo‘ladi, chekmaydiganlarda esa o‘rtacha 13–15 yil kechroq namoyon bo‘ladi.

2011 yilda o‘tkazilgan epidemiologik tadqiqotlarga ko‘ra, mamlakatda 11 million bemor mavjud bo‘lsa-da, rasmiy statistikada atigi 1 million inson ro‘yxatga olingan. Bu farq kasallikning yillar davomida yashirin kechishi va vaqtida tashxis qo‘yilmasligi bilan izohlanadi.

Butunjahon surunkali obstruktiv o‘pka kasalligiga qarshi kurash kuni ilk bor 2002 yilda o‘tkazilgan. Bugungi kunda u 50 dan ortiq davlatda keng nishonlanib, jamoatchilikni xabardor qilish bo‘yicha turli tadbirlar, seminarlar, bepul spirometriya aksiyalari bilan boyitilmoqda. Bu faoliyatlar yil davomida o‘tkaziladigan sog‘lomlashtirish aksiyalari ichida eng muhim tadbirlardan biriga aylangan.

Chekishga qarshi kurash ham ushbu kunning ajralmas qismi bo‘lib, profilaktik choralarning eng samaralisi sifatida qolmoqda. Tamaki iste’molini kamaytirish surunkali obstruktiv o‘pka kasalligining oldini olishning eng oddiy yo‘li.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA