Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
167 nafar xotin-qiz imtiyoz asosida tahsil olmoqda
20:40 / 2024-05-13

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini hamda gender tengligini ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish, shuningdek, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalariga alohida mezonlar asosida xotin-qizlarni qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish tartibi va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuqorida qayd etilgan fikrlarga yorqin misoldir. 

Xotin-qizlar uchun oliy ta’lim muassasalariga berilgan grant o‘rinlarining 4 foizi miqdorida qo‘shimcha davlat granti ajratilishi mamlakatimizda xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish, ularning hayotda, jamiyatda o‘z o‘rinlarini topishi uchun berilgan keng imkoniyat bo‘ldi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan tartiblar bo‘yicha o‘tgan yili ana shunday imtiyoz asosida o‘qishga kirish uchun Andijon viloyatidagi 2 ming 812 nafar ehtiyojmand, shuningdek, 997 nafar kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan xotin-qizga tavsiyanoma berilgan. Tavsiyanoma taqdim etilgan opa-singillarimizning 167 nafari mamlakatimizdagi turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilinib, bugun ular davlat granti asosida ta’lim olmoqda. 

– Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan berilgan tavsiyanoma asosida o‘qishga kirganman, – deydi Andijon davlat universiteti matematika fakulteti talabasi Rohilaxon Abduxalilova. – To‘plagan balim bilan men kontrakt asosida o‘qishim lozim edi. Lekin Prezidentimiz tomonidan xotin-qizlar uchun berilgan imtiyoz, tavsiyanoma tufayli men davlat granti asosida tahsil olayapman. 

Yurtimizda men kabi yoshlarga keng imkoniyatlar eshigi ochib berilayotganligi, ehtiyojmand oilalar doimiy qo‘llab-quvvatlanayotganligidan behad mamnunman. Buning uchun Prezidentimizdan, hukumatimizdan cheksiz minnatdorman. 

Oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun xotin-qizlarga berilgan imtiyoz ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj opa-singillarimizning hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning faol a’zosiga aylanishi uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. 

F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri