Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
16,5 mingga yaqin qonunbuzilish holati aniqlandi
16:15 / 2024-04-02

Amaldagi qonunchiligimizga ko‘ra, davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish hamda samaradorligini baholash adliya idoralarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning birinchi choragida qonunbuzilish holatlarining oldini olish, aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha aybdor mansabdor shaxslar va davlat xizmatchilarining harakatlariga huquqiy baho berish, ularga nisbatan zarur ta’sir choralarini qo‘llash yuzasidan qator ishlar olib borildi. Jumladan, 54 ta davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotda uch marotaba o‘rganish, olti marotaba monitoring o‘tkazildi. Ana shu tadbirlar davomida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida 16 ming 483 ta qonunbuzilish holati aniqlandi. 

Qonunbuzilish holatlari xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bo‘yicha tahlil qilinganda, ularning 1 ming 75 tasi sog‘liqni saqlash muassasalari, 2 ming 718 tasi gaz ta’minoti korxonalari, 5 ming 686 tasi Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi hamda tuman, shahar filiallari, 3 ming 356 tasi elektr ta’minoti korxonalari, 580 tasi suv ta’minoti idoralari, 1 ming 870 tasi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining hududiy bo‘linmalari, 1 ming 43 tasi ta’lim muassasasi, 151 tasi hokimlik va 4 tasi boshqa idoralar hisobiga to‘g‘ri keladi. 

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan jami 281 ta ta’sir chorasi qo‘llanildi. Jumladan, tegishli tashkilotlarga 1 ta ogohnoma, 15 ta taqdimnoma kiritildi, 262 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 3 nafar shaxs bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi. Umuman, qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida 285 nafar shaxs javobgarlikka tortildi. 

Masalan, Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyat boshqarmasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi – katta ro‘yxatdan o‘tkazuvchisi O.A. boshqarmaga kelib tushadigan ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq murojaatlarning o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rib chiqilishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lsa-da, u tomonidan ish to‘g‘ri tashkil qilinmaganligi, xodimlar faoliyati ustidan yetarli nazorat o‘rnatilmaganligi natijasida 28 ta holatda murojaatlar bo‘yicha ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddati buzilgan va rad qilingan. Bundan tashqari, 4 ming 126 ta murojaat “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonunning 44-moddasida belgilangan tartib buzilgan holda rad qilingan. 

Mazkur holatlar bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyat boshqarmasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘limi bosh mutaxassisi – katta ro‘yxatdan o‘tkazuvchisiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 2155-moddasi 1-qismiga asosan, bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt baravari miqdorida, ya’ni 1 million 360 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Viloyat adliya boshqarmasi, tuman, shahar bo‘limlari tomonidan qonunlar doirasida kiritilgan taqdimnomalarga asosan, 23 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi, 262 nafar huquqbuzarga nisbatan 267 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilib, jarimalarning 128 million 598 ming so‘mi huquqbuzarlar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘lanishi ta’minlandi. 

Sultonbek Isoqov, 

Andijon viloyati adliya boshqarmasining 

Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi ustidan nazorat qilish shu’basi boshlig‘i. 

O‘zA