Guliston shahrida 2025 yilning birinchi yarim yilligi davomida 162 nafar ayol zo‘ravonlikdan himoya orderi oldi. Bu haqda shahar hokimligi huzuridagi Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Matbuot anjumanida shahar hokimining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Aziza Fayziyeva ishtirok etib, amaldagi islohotlar, olib borilayotgan tizimli ishlar va erishilgan yutuqlar xususida ma’lumot berdi.

– Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish borasida qabul qilingan qonun ijrosini ta’minlash — faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, – dedi Aziza Fayziyeva. – Himoya orderi olgan ayollarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Ayrimlari ishga joylashtirildi, boshqalari kasb-hunar kurslariga yo‘naltirildi. Bu — tizimli yondashuv va jamoatchilik, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda mahalla tizimining samarali hamkorligi natijasidir.

Hisobot davrida media-reja asosida 60 dan ziyod targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Nizoli holatda bo‘lgan 61 ta oila manzilli ro‘yxatga olinib, ulardagi muammolar tahlil etildi. Ajrim masalasida murojaat qilgan 46 ta oila bilan "fuqarobay" va "xonadonbay" yondashuv asosida alohida ishlar olib borildi.
“Mahalla–oila–ta’lim muassasasi” hamkorlik mexanizmi doirasida tarbiyaviy xavf ostida deb baholangan 14 nafar o‘quvchi qiz maxsus ro‘yxatga olinib, ular bilan manzilli ish tashkil etildi.
Shuningdek, xorijda mehnat migratsiyasida bo‘lgan 364 nafar va yurtimizga qaytib kelgan 116 nafar xotin-qiz bilan individual ish yo‘lga qo‘yilib, ular hamda oila a’zolariga huquqiy, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatildi.
Zo‘ravonlikka uchragan 22 nafar ayolga ijtimoiy yordam ko‘rsatilib, ular kasb-hunar kurslariga jalb etildi, ish bilan ta’minlandi va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar va jamoatchilik vakillari sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar hamda ularni bartaraf etishga qaratilgan amaliy choralar bilan tanishishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri