Insonning ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitobday qudratli vosita yo‘q. Kitob – insonning hayot yo‘llaridagi zimistonlikni yorituvchi nur, eng sodiq do‘st.
Shu sababdan ham xalqimizning kitobxonlik madaniyatini oshirish, yoshlarni kitob mutolaasiga jalb qilish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi Respublika bolalar kutubxonasi tomonidan audiokitoblar yaratildi. O‘zbek va jahon adabiyoti eng sara asarlarining ovozli varianti yaratildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ushbu kitoblarning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston xalq shoiri, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid kishi kamolotida kitobning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Shundan so‘ng bolalar shoiri Orif To‘xtash, audiokitob mualliflaridan biri filologiya fanlari nomzodi Rahimboy Jumaniyozovlar bu kitoblarning yaratilish tarixi, ish jarayonlari va audiokitoblarning ahamiyati haqida ma’lumot berishdi.
– Jamiyatda turli xil insonlar mavjud. Kimdir kitoblarni ko‘z nurlari orqali o‘qisa, yana kimdir eshitish orqali kitob mutolaasiga tutinadi. Shuning uchun ham biz audiokitoblar yaratishga qaror qildik. Hozirda jamoamiz bilan birgalikda 160 nomdagi o‘zbek mumtoz va zamonaviy adabiyoti, jahon adabiyotining eng sara asarlari audio variantini yaratdik, – dedi kutubxona direktori Doniyor O‘rolov.
Ushbu kitoblar orasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning o‘zi o‘qigan asarlar ham mavjud. Tayyorlangan ushbu kitoblarni internet tarmog‘laridan ham yuklab olish mumkin.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA