So‘nggi yillarda giyohvandlik vositalari hamda kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi jinoyatchilikning eng xavfli ko‘rinishlaridan biriga aylanib, milliy va mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solmoqda. Global migratsiya jarayonlarining jadallashuvi va narkotrafik usullarning kengayib borishi bojxona organlari oldiga yangi, murakkab va mas’uliyatli vazifalarni qo‘ymoqda.
Tahlillar 2021–2025 yillar davomida bojxona organlari tomonidan fosh etilgan narkojinoyatlar tarkibi, shakli va geografiyasida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini ko‘rsatmoqda. Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2021 yilda 537 kg. giyohvandlik vositalari musodara qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 1 tonnadan oshib ketgan. 2025 yilning 11 oyi yakunlariga ko‘ra esa 1,6 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi.

Bu holat bir tomondan bojxona organlarida xavflarni boshqarish, tahlil va nazorat mexanizmlari samaradorligi oshganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan narkotrafik hanuz yuqori darajada saqlanayotganini ham anglatadi.
Musodara qilingan moddalar tarkibida tabiiy giyohvandlik vositalari yetakchilik qilmoqda. Xususan, «gashish», «opiy» va «kannabis» asosiy ulushni tashkil etgan. Biroq so‘nggi yillarda sintetik narkotiklar hamda laboratoriya usulida tayyorlangan moddalarning aniqlanishi bojxona nazorati uchun yangi va jiddiy xavf sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ayniqsa, kuchli ta’sir qiluvchi psixoaktiv moddalar hajmining keskin o‘sishi alohida tashvish uyg‘otmoqda. 2025 yilning 11 oyida 1 tonnadan ortiq shunday moddalar musodara qilinib, ular orasida «sibutramin», «pregabalin» va «gabapentin» kabi dorivor preparatlar yetakchi o‘rinni egalladi.
Bu holat narkotrafikning shakli o‘zgarayotganini, ya’ni klassik giyohvandlik vositalaridan tashqari dorixona preparatlari va sintetik moddalar orqali jamiyatga kirib kelayotgan yangi tahdidlar kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Afsuski, aholi orasida bunday moddalarni «nisbatan xavfsiz» deb baholash holatlari uchrab, aslida esa ular og‘ir qaramlik va salomatlikka jiddiy zarar yetkazmoqda.

2024–2025 yillarda transchegaraviy narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha ham bojxona organlari faoliyati sezilarli darajada kuchaydi. Xalqaro hamkorlik asosida o‘tkazilgan tezkor operatsiyalar natijasida yirik hajmdagi giyohvandlik va sintetik moddalar fosh etildi. Asosiy narkotrafik yo‘nalishlari Afg‘oniston – O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya hamda Qirg‘iziston orqali o‘tuvchi tranzit yo‘llar ekani qayd etilmoqda.
Shu bilan birga, mamlakat hududida «yashirin narkolaboratoriyalar»ning paydo bo‘layotgani ham jiddiy xavf sifatida baholanmoqda. 2024–2025 yillarda shunday laboratoriyalar fosh qilinib, ularda giyohvandlik vositalari, kuchli ta’sir qiluvchi moddalar va prekursorlar ishlab chiqarilgan.
Internet orqali narkotik savdosining jadal rivojlanishi esa zamonaviy va o‘ta xavfli tahdidga aylanmoqda. Telegram va «Darknet» platformalaridagi noqonuniy savdoga qarshi choralar ko‘rishda raqamli tahlil va zamonaviy axborot texnologiyalariga tayanish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Umuman olganda, narkotrafik muttasil takomillashib borayotgan bir paytda, unga qarshi kurash ham an’anaviy usullar bilan cheklanib qolmasligi lozim. Sud-ekspertiza salohiyatini oshirish, prekursorlar aylanmasini qat’iy nazoratga olish, internet makonida tezkor choralar ko‘rish va transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash — bugungi kunning eng muhim vazifalari.
Narkojinoyatlarga qarshi kurash faqatgina bojxona yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki butun jamiyatning umumiy mas’uliyatidir. Raqamlar ortida inson taqdiri turganini unutmasdan, profilaktika, ma’rifat va qonun ustuvorligiga tayangan holda olib borilayotgan tizimli kurashgina ushbu xavfli illatga qarshi eng samarali yechim bo‘la oladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA