O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik bayrami hamda O‘zbekiston va Shveysariya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganligining 30 yilligi munosabati bilan 156 ta tuman irrigatsiya bo‘limlari hamda vazirlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan kasb-hunar kollejlariga ofis va maxsus uskunalarni topshirish marosimi tashkil etildi.
Qayd etilishicha, mazkur zaruriy jihozlar Suv xo‘jaligi vazirligi va Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda suv resurslarini boshqarish milliy loyihasi, II bosqich”doirasida xarid qilingan.
Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda viloyatlar irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari tasarrufidagi barcha tuman irrigatsiya bo‘limlariga kompyuter, printer, zamonaviy suv o‘lchash vositalari, mebellar hamda vazirlik tasarrufidagi kasb-hunar kollejlari uchun zarur bo‘lgan laboratoriya jihozlari xarid qilinib, o‘z egalariga topshirilmoqda. Bu esa tuman irrigatsiya bo‘limlarining moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilashga hamda suv xo‘jaligi kollejlari salohiyatini oshirishga yordam beradi. Suv sarfini o‘lchash moslamalari suvning hisob-kitobi va monitoringini shaffof olib borish, shuningdek, ma’lumotlarni onlayn almashish imkonini beradi.
Shuningdek, vazirlik tomonidan tuman irrigatsiya bo‘limlari ma’muriy binolari ta’mirlanib, to‘liq internet tarmog‘iga ulandi hamda har bir tuman irrigatsiya bo‘limlarida suv tejovchi texnologiyalar va raqamlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha shtatlar ochilib mutaxassislar jalb qilindi.
– bugungi ofis va maxsus jihozlarni topshirish tadbiri shunchaki PR- aksiya emas, – deydi Shveysariyaning O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Konstantin Obolenskiy. – Bu O‘zbekiston suv xo‘jaligini isloh qilishga qaratilgan izchil ishlarimizning davomidir. Tuman irrigatsiya bo‘limlariga jihozlarni taqdim etish bilan birga, suv xo‘jaligi kasb-hunar kollejlariga suv tejovchi texnologiyalar mutaxassisligi bo‘yicha yangi darsliklarni topshirayapmiz. bugungi kunga qadar, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida 9 ta kasb-hunar kollejida suv tejovchi texnologiyalar bo‘yicha ko‘rgazma maydonlari va jihozlangan laboratoriyalar tashkil qilindi, to‘liq jihozlandi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, loyiha doirasida tuman irrigatsiya bo‘limlari xodimlarini hisoblagichlardan foydalanish bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA