Xorazm viloyati Yangibozor tumanidagi «Yangiobod» mahalla fuqarolar yig‘inining yangi binosi foydalanishga topshirildi. Endilikda mazkur binoda nafaqat mahalla idorasi, balki tadbirkorlik sub’ektlari ham joylashtiriladi. Bu esa o‘z navbatida yangiobodliklar uchun qo‘shimcha qulaylik va ish o‘rinlarini yaratadi.
– Prezidentimiz viloyatlarga qilayotgan safarlari davomida mahalla raisi islohotchi bo‘lishi kerakligini qayta va qayta takrorlab kelmoqdalar, – deydi fond respublika boshqaruvi raisi D.Usmanov. – Ammo mahalla raisi islohotchi bo‘lishi uchun unga birinchi navbatda ishlash uchun sharoit yaratish kerak. Shuning uchun fondimiz uzoq yillardan buyon mahalla idoralariga mebel va kompyuter jamlanmalarini sovg‘a qilib kelmoqda. Bugun ham «Yangiobod» mahallasiga qariyb 20 mln. so‘mlik mebel va kompyuter jamlanmalarini topshiryapmiz.
Darvoqe, Xorazm viloyatidagi «Jingovuz», «Saxovat», «Hamjihatlik», «Ziyokorlar», «Obod», «Shangi», «Do‘stlik», «Iftixor» kabi mahalla fuqarolar yig‘inlariga ham mebel va kompyuter jamlanmalari sovg‘a qilinadi.
Ta’kidlash joiz, mahalla idoralarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash «Mahalla» fondining ustuvor vazifalaridan biridir. Fond har yili mazkur yo‘nalishda aniq dastur ishlab chiqib, hayotga tatbiq etib kelmoqda. Joriy yilda ham bu an’ana davom etadi. Yil davomida 154ta mahalla idorasiga kompyuter va mebel jihozlari olib beriladi, deya xabar beradi «Mahalla» fondi matbuot xizmati.