AOKAda Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nilufar Jumayeva ishtirokida brifing tashkil etildi.
Qayd etilishicha, 2025 yil 1 yanvardan yangidan boshlanadigan yo‘l-qurilish ob’ektlarida loyihani muhandislik boshqarish va texnik nazorat qilish ishlari autsorsing shartlari asosida Xalqaro muhandislar-konsultantlar federatsiyasi (“FIDIC”) amaliyoti va hujjatlariga muvofiq mustaqil tashkilotlar, shu jumladan xususiy sektor tomonidan amalga oshirilishi yuzasidan tegishli tartib o‘rnatish rejalashtirilgan edi.
Shuningdek, mazkur tartibni amalga oshirishni tashkil etish maqsadida mahalliy muhandis-konsultantlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash hamda ularni “FIDIC” sertifikatlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rish belgilab qo‘yildi.
Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Mahalliy ahamiyatdagi mintaqaviy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish” loyihasi doirasidagi iqtisod qilingan mablag‘lar hisobidan Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining tarkibiy tuzilmalari hamda Transport nazorati inspeksiyasining xodimlari malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv kurs (trening)lar tashkil qilindi.
Treninglar 30 nafar kishidan iborat jami 10 ta guruhda tashkil etilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, hozirda 5 ta guruh — jami 150 nafar xodim uchun o‘quv kurslari o‘tkazildi va tegishli “FIDIC” sertifikatlari bilan ta’minlandi.
Qolgan 5 ta guruh uchun joriy yilning oktyabr oyi yakuniga qadar treninglar tashkil qilish rejalashtirilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (“FIDIC”) milliy muhandis-konsultantlar uyushmalarining butunjahon vakillik organi bo‘lib, dunyoning 100 dan ortiq mamlakatidagi milliondan ziyod muhandislik mutaxassisi va 40 mingga yaqin firma manfaatlarini ifodalaydi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA