English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi
11:33 / 2025-12-29

Munosabat

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi mamlakatning keyingi yillardagi qiyofasini, ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi strategik xarita bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda aks etgan muhim vazifa va maqsadlar keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan e’tirof etilmoqda.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Zuhra Mirg‘oziyeva Murojaatnomada qayd etilgan raqamli texnologiyalar borasidagi tashabbus va vazifalar haqida o‘z munosabatini bayon qildi:

— Murojaatnomada keyingi yillarda raqamli texnologiyani kengaytirish, sun’iy intellektni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilishi bejizga ta’kidlanmadi.

Bugun raqamli texnologiyalar hayotimizga shunchalar tez kirib boryaptiki, AT barcha sohalar rivojida lokomotiv vazifasini o‘tamoqda. Natijalar esa nihoyatda salmoqli: qisqa vaqt ichida IT-Park rezidentlari soni 3 mingga yaqinlashdi, raqamli texnologiya 40 ming nafardan ortiq yoshlar uchun yuqori daromad manbaiga aylandi.  

Buning isbotini keyingi 5 yilda soha eksporti 170 mln. dollardan 1 mlrd. dollarga yetganidan ham bilish mumkin. 2030 yilga borib, IT xizmatlar eksportini 5 mlrd. dollarga yetkazish reja qilingan.  

O‘tgan yili «Global startaplar indeksi» reytingida O‘zbekiston 12 pog‘onaga yuqorilab, «TOP-100»likka kirgani, «Sun’iy intellektga tayyorlik» xalqaro indeksida esa 17 pog‘ona ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egallagani bu boradagi sa’y-harakatlarimiz natijasidir.

Tarixiy Murojaatnomada kelgusi yildan xususiy startap markazlarini tashkil etish uchun Yoshlar jamg‘armasidan besh yil muddatga 5 mlrd. so‘mgacha foizsiz ssuda berilishi ta’kidlandi.

Markaziy bankda Moliyaviy texnologiyalar ofisi va Innovatsion xab tashkil etilib, unga Singapurdan mutaxassislar jalb qilinishi haqidagi tashabbus esa yiliga 20-30 ta moliyaviy texnologiyalar startapini tashqi bozorga olib chiqish va ularga 1 mlrd. dollar investitsiya jalb qilish imkoniyatini yaratadi.

Kelgusi yilda Toshkent shahri, Buxoro, Farg‘ona va Toshkent viloyatida 4 ta data-markaz, 2 ta super kompyuter va 15 ta oliygohda sun’iy intellekt laboratoriyasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu tibbiyot, transport, qishloq xo‘jaligi, geologiya, bank-moliya, jamoat xavfsizligi kabi muhim sohalarda 100 dan ortiq sun’iy intellekt loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.  

Bugun minglab iqtidorli yoshlarimiz IT va sun’iy intellekt bo‘yicha izlanish olib borayotgan ekan, ularning kvant, dron, robototexnika kabi yo‘nalishlardagi konstruktorlik loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish uchun «Raqamli texnologiyalar markazi» tashkil etiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomadagi har bir maqsad-vazifa mamlakatimiz ravnaqini yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishga xizmat qiladi.  

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA