O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi joylarda «Sektorlar faoliyatini baholash (reyting) tizimini joriy etilishi hamda natijalarni to‘g‘ri shakllantirilishi» mavzusida o‘quv seminarlari o‘tkazmoqda.
Ana shunday uchrashuvlardan biri Urganch davlat universitetida tashkil etildi. Unda sektor rahbarlari faoliyatini baholash tizimini amaliyotga joriy etish, sektor faoliyatiga oid ma’lumotlar, ular amalga oshirgan ishlar hisobotini shakllantirish va yuritish tahlil qilindi. Tahlillar natijasida 15 ta indikatordan iborat ko‘rsatkichlar shakllantirildi. Shu ko‘rsatkichlar asosida yurtimizdagi barcha sektorlarni har oyda reytinglarini baholab borish ko‘zda tutilmoqda.
Seminar ishtirokchilariga 15 ta indikatorlarning mohiyati to‘liq ochib berildi.
Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash, byudjet tushumlari ijrosini ta’minlash, hududiy eksport ko‘rsatkichlarini bajarilishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni ijobiy hal etilishi kabi ko‘rsatkich rejalari ishlab chiqish va tegishli tashkilot ma’lumotlari asosida shakllantirish tartibi tushuntirildi.
Bundan tashqari, sektorlarda amalga oshirilgan ishlarni tizimli tahlil qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, bajarilmagan tadbirlarning sabablarini aniqlash hamda «yo‘l xaritalari»ni shakllantirish, "saxovat.argos.uz" dasturiga ma’lumotlarni o‘z vaqtida kiritilishini ta’minlash bo‘yicha mutaxassislar ma’lumotlarga ega bo‘ladi.
– Sektor rahbarlari faoliyatini hududlarning rivojlanishidagi o‘zgarishlar va boshqa mezonlar asosida xolisona baholash, hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ularning ijrosi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish muhim, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov.– Shu bois tuman (shahar) darajasidagi sektorlarning 10 va 11 oylik reyting natijalari tahlili, ulardagi eng yuqori 5 ta sektor hamda eng quyi 5 ta sektor natijalari to‘g‘risida ma’lumot jamlanib, o‘rganilmoqda.

Tadbirda sektorlar faoliyatini tashkil qilishga oid amaliy seminar-treninglarni 15 ta indikatorni ijrosiga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlarning shahar va tuman bo‘g‘inlari mutasaddilarini ham ishtirokida davom ettirishga kelishib olindi.
Ana shunday tadbirlardan biri Qashqadaryo viloyatida ham o‘tkazildi. Unda 15 ta indikatorni baholash tizimi orqali agentlikning Qashqadaryo filiali kelgusida har oyda tegishli viloyat tashkilotlarining taqdim etgan ma’lumotlari asosida viloyatdagi 60 nafar tuman (shahar) sektor rahbarlarining faoliyat samaradorligini baholab borilishi hamda reytingi shakllantirilishi aytib o‘tildi.