Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
15 soatdan ortiq vaqt davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi
16:29 / 2023-08-21

Tibbiyotimizda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari tufayli noyob amaliyotlarni yurtimizda o‘tkazish imkoni yaratilmoqda.

Poytaxtimizdagi Bolalar milliy tibbiyot markazida turkiyalik mohir jarroh bilan hamkorlikda mamlakatimizda ilk bor ana shunday murakkab amaliyot – oshqozon osti bezidagi o‘simtani olib tashlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.    

– Ushbu operatsiya juda ham murakkab amaliyotlardan hisoblanadi, – dedi turkiyalik jarroh Chagatay Evrim. – Hamkasblarim bilan ushbu operatsiyani 15 soatdan ortiq vaqt davomida qilamiz. Mana shunday jarrohlik amaliyoti O‘zbekistonda ilk marotaba o‘tkazilmoqda. Hamkorligimiz kelgusida ham davom etadi degan umiddaman.    

Xirurgiya yo‘nalishida qo‘llanilayotgan yangi usullar jarrohlik amaliyotisiz tuzalmaydigan tug‘ma nuqson bilan dunyoga kelgan bolalar taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynamoqda. Jajji qalb egalarining hayotini saqlab qolish umidi uyg‘onmoqda.    

– Oshqozon osti bezidagi o‘simtani olib tashlash eng qiyin jarrohlik amaliyotlaridan sanaladi. Uning murakkabligi shundaki, operatsiyadan so‘ng bemorda og‘ir asoratlar qolishi, hatto, o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin, – dedi Bolalar milliy tibbiyot markazi bosh shifokori Baxtiyor Umarov. – Bu bolalarda esa bir necha karra murakkab hisoblanadi. Bunday amaliyot avvallari O‘zbekistonda bajarilmagan.    

Mazkur amaliyot tufayli hali bir yoshga ham to‘lmagan qizaloqning hayoti saqlab qolindi. 15 soatdan ortiq vaqt davom etgan operatsiya muvaffaqiyatli yakunlandi.    

Zero, davlatimiz rahbari tomonidan ushbu markazning bunyod etilishida murg‘ak qalb egalarining dardlariga malham bo‘lish, ularga yangidan hayot baxsh etish, oilalarga quvonch ulashish maqsadi mujassam edi.      

Mohigul Qosimova, O‘zA