15 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi
Qishloq xoʻjaligida bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohada tadbirkorlik faoliyati erkinligi va mustaqilligini taʼminlash boʻyicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xoʻjaligida bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, sohada tadbirkorlik faoliyati erkinligi va mustaqilligini taʼminlash boʻyicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirilmoqda.
Biznes-ombudsmanning Navoiy viloyatida faoliyat yurituvchi xodimlariga 2020-yilning 8 oyi mobaynida tadbirkorlik subyektlaridan 136 ta murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning 66 tasi qanoatlantirildi, 60 tasi boʻyicha tegishli tartibda huquqiy tushuntirish berildi, 2 ta murojaat tegishliligiga koʻra boshqa idoralarga yuborildi.
Kelib tushgan murojaatlarning 11 foizi yer va binolar bilan bogʻliq masalalarga, 8 foizga yaqini soliq munosabatlariga, 8 foizi shartnomaviy munosabatlarga, 11 foizdan ortigʻi kredit va banklar faoliyatiga oid murojaatlarni tashkil qildi.
Jumladan, “Muhammadamin-Abbos-Kelajagi” xususiy korxonasi rahbari A.Suponov Nurota tuman tibbiyot birlashmasi xalq taʼlimi boʻlimi va boshqa tashkilotlar bilan shartnoma tuzishda eski tahrirdagi Soliq kodeksining 349-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 12-sentyabrdagi 395-sonli qarori talablariga rioya qilmagan holda yetkazgan zararlarini undirib berishni soʻrab murojaat qilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakili aralashuvi bilan mazkur holat huquqiy tartibga solinishi uchun daʼvo arizasi kiritilib, Navbahor tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi Sh.Xamidov raisligida koʻrib chiqilib, tadbirkorga yetkazilgan 296,4 million soʻm zarar javobgarlardan undirib berildi.
Davlat organlari tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etilishi yuzasidan oʻtkazilgan tahlil va oʻrganishlar natijasiga koʻra davlat idoralariga 5 ta taqdimnoma yuborildi, sudlarga tadbirkorlar manfaatini koʻzlab 15 ta ariza kiritildi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyatida noqonuniy ravishda tekshirishlar oʻtkazganligi, ular faoliyatini noqonuniy ravishda toʻxtatib qoʻyganligi, tadbirkorlarga belgilangan muddatlarda ruxsatnomalarni bermaganligi, belgilangan imtiyoz va preferensiyalarni qoʻllamaganligi, shuningdek, tadbirkorlarning murojaatlarini oʻrganish boʻyicha soʻrov xatlari boʻyicha notoʻgʻri maʼlumot berganligi yoki murojaatni koʻrib chiqish muddatini buzganligi kabi huquqbuzarliklar uchun soliq, qurilish nazorat inspeksiyasi, maktabgacha taʼlim, yer resurslari va davlat kadastri, agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish, kon-geologiya faoliyatini nazorat qilish idoralarida faoliyat yurituvchi 16 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, sudlarga yuborildi.
Koʻrilgan taʼsir choralari natijasida hokimliklar va boshqa davlat idoralarining 4 ta hujjatlari bekor qilindi, qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan 15 nafar shaxs maʼmuriy jazolandi, 2 nafar shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Zoyirjon OʻROQOV,
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy
manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining
Navoiy viloyatida faoliyat koʻrsatuvchi bosh inspektori