Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1,5 mingdan ortiq mehnat migrantlari tadbirkorlikka o‘qitiladi
12:40 / 2021-01-02

2020 yil murakkab, sinovli bo‘ldi. Xorijda ishlaydigan yurtdoshlarimiz uchun ham oson bo‘lmadi.

Mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solish va migrantlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Turkiya, Yaponiya va BAA bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha hukumatlararo bitimlar tuzilgani, chet elda ishlayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun alohida jamg‘arma tashkil etilgani shular jumlasidan.

2020 yilda ayni yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni xususida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi yig‘ma tahlil boshqarmasi boshlig‘i Azim AHMATOV O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi.

– Prezidentimizning joriy yil 11 avgustdagi “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan, aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi, 15 sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlarida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib sharoitlar yaratish belgilangan, – deydi Azim Ahmatov. – Shu bois xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijdagi vatandoshlar va o‘zbek diasporalari bilan aloqalarni mustahkamlash, kasbiy tayyorgarlik va chet tillarini o‘rgatish, moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarning integratsiyasi, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish kabi masalalar belgilab berilgan.

Mazkur huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasi Rossiyada bo‘lib, mehnat migrantlarini rus tili va kasb-hunarga o‘rgatish bo‘yicha o‘quv darslarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rgandi. Tashrif doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti va “World Skills Russia” tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida uch tomonlama memorandum imzolandi. Unga asosan Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Novosibirsk, Tomsk, Chelyabinsk shaharlarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi. Rossiya Federatsiyasida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 271 nafar, O‘zbekistonda Rossiyada ishlash istagidagi 728 nafar hamyurtimiz rus tili va kasbga o‘qitildi.

O‘quv kurslarida o‘zbekistonlik mehnat migrantlarini qurilish, xizmat ko‘rsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik kabi 25 ta kasb bo‘yicha o‘qitish, shuningdek, rus tilini o‘rgatish ko‘zda tutilgan. Ya’ni, migrantlar Rossiya bozoridagi talab yuqori bo‘lgan, yuqori oylik to‘lanadigan kasblarga o‘qitilmoqda.

Ayni paytda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mehnat migratsiyasi sohasini yanada rivojlantirish maqsadida xorijiy davlatlardagi tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida qator loyihalarni amalga oshirmoqda. Xususan, Yaponiya bilan imzolangan, maxsus malakali ishchilar maqomiga ega bo‘lgan xorijiy mehnat resurslarini ishga qabul qilish tizimini amalga oshirish to‘g‘risidagi o‘zaro hamkorlik memorandumiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarolarini Yaponiyaga ishga yuborish tizimini joriy etish uchun Toshkent shahrida yapon tili va malaka imtihonlarini o‘tkazuvchi test markazi ochildi. Bundan tashqari, dunyoning boshqa ko‘plab mamlakatlari bilan mehnat migratsiyasi sohasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish borasida salmoqli ishlar olib borilayapti.

Xorijda ishlab O‘zbekistonga qaytib kelgan mehnat migrantlarini tadbirkorlikka o‘qitish, ichki mehnat bozoriga moslashtirish borasidagi faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashish maqsadida YeXHTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarini tamomlagan 71 nafar mehnat migranti va 60 nafar mehnat inspektoriga sertifikat berildi. Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan loyiha asosida 185 nafar mehnat migranti o‘qitildi. Joriy yil yana 1,5 mingdan ortiq mehnat migrantini tadbirkorlikka o‘qitish rejalashtirilgan.

Har bir mamlakatda mehnat migrantlarini ishga qabul qilishning o‘z tartibi bor. Masalan, Rossiyada ishlash uchun patent olish lozim. Buning uchun esa Rossiya qonunchiligi va rus tilidan maxsus sertifikat talab etiladi. Rossiyada bu hujjatlarning hammasini to‘g‘rilash uchun ko‘p vaqt va ancha mablag‘ talab etiladi. Endilikda xorijda ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarga rus tili va Rossiya qonunchiligi bo‘yicha sertifikatni mamlakatimizda turib olish imkoniyati yaratildi.

bugungi kunda Agentlikning Kvandju (Koreya Respublikasi) va Moskva (Rossiya Federatsiyasi) shaharlaridagi rasmiy vakolatxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, 2019 yilda Moskva shahridagi vakolatxonaning Sankt-Peterburg shahridagi vakilligi, joriy yilda Nosovibirsk, Yekaterinburg, Samara va Ufa kabi 4 shaharda vakillik ish faoliyatini boshladi.

2020 yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan 8 ming 690 nafar, xususiy bandlik agentliklari tomonidan 714 nafar fuqaro xorijga ishlash uchun yuborildi. 37 ming 48 nafar migrantga huquqiy va moddiy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, mehnat migrantlarining ish beruvchilar tomonidan to‘lanmay turgan 708,3 ming dollar miqdoridagi ish haqi va pullik kompensatsiyalar undirib berildi. Pandemiya davrida Tashqi ishlar vazirligi va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikda 11 ming 500 nafardan ortiq mehnat migrantiga turli ko‘rinishdagi moddiy yordam ko‘rsatilgan.

bugungi kunda bunday muhim chora-tadbirlar O‘zbekistonning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Albatta, bu ishlar mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, mehnat migratsiyasini qonuniy va tartibli tashkil etishda muhim omil bo‘ladi.

Barno Meliqulova yozib oldi, O‘zA