Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
15 kun ichida jarimaning 50 foizi to‘lansa, qolgan qismi bekor bo‘ladi
16:53 / 2023-04-04

Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Fuqarolarning sud hujjatlari va odil sudlovga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash, fuqarolarga ma’muriy jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha yengilliklar berish orqali sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosining samaradorligini yanada oshirish taqozo etilmoqda.    

«Aholiga ma’muriy jarimalarni to‘lashda qo‘shimcha qulayliklar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish kiritish haqida»gi qonun loyihasiga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan boshlab huquqbuzar unga jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 50 foizini, o‘ttiz kun ichida 70 foizini ixtiyoriy ravishda to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinadi. Shuningdek, mazkur tartib sud qarorlariga asosan qo‘llaniladigan jarimalarga nisbatan tatbiq etilishi belgilanmoqda.

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida muhokama qilindi. Deputatlar qayd etganidek, taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi ma’muriy jarimalarni to‘lashda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratish va jarima yukini kamaytirish orqali qo‘llanilgan jarimalarni ijro etish tizimini yanada soddalashtirishga, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qizg‘in tortishuv hamda savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.    

M.Komilova, O‘zA