2023 yil 15 iyun kuni Nyu-York shahrida O‘zbekiston bilan Trinidad va Tobago o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunike imzolandi.
Xristofor Kolumb tomonidan 1498 yil uchinchi ekspeditsiya chog‘ida kashf qilingan ikki orolni birlashtirgan bu davlat Janubiy Amerikaning shimoli-sharqiy sohilida joylashgan, Britaniya hamdo‘stligi, shuningdek Amerika davlatlari tashkilotiga a’zo.
Poytaxti Port-of-Speyn shahri. Ma’muriy jihatdan 9 graflikka bo‘lingan.
Trinidad va Tobago – respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1976 yil qabul qilingan. Davlat boshlig‘i – Prezident. Qonun chiqaruvchi hokimiyat – 2 palatali parlament – Senat va Vakillar palatasi, ijro hokimiyati – Bosh vazir boshchiligidagi hukumat.
Aholisining 60 foizi negr va mulat, 37 foizi hind, 1 foizi xitoylik va 1 foizi yevropalik. Rasmiy til – ingliz tili. Fuqarolarining ko‘pchiligi nasroniy. hinduizm ham keng tarqalgan. Yirik shaharlari – Port-of-Speyn, San-Fernando va San-Xuan.

1976 yil 1 avgustda respublika tuzumini e’lon qilgan Trinidad va Tobago 1962 yildan BMT a’zosi. Milliy bayrami – Mustakillik kuni 31 avgustda nishonlanadi.
Trinidad va Tobagoda davlatga qarashli maktablardan tashqari xususiy maktablar ham bor. Davlat maktabida o‘qish bepul. Dars ingliz tilida o‘tiladi. Zamonaviy ta’lim tizimi 7 yillik boshlang‘ich va 5 yillik o‘rta maktabdan iborat. Boshlang‘ich ta’lim majburiy. Port-of-Speyn yaqinida Vest-Indiya universitetining Trinidad bo‘limi bor. Port-of-Speyn va San-Fernandoda politexnika institutlari ochilgan. Mamlakat poytaxtida Markaziy va Ommaviy kutubxona, Vest-Indiya universiteti Trinidad bo‘limi kutubxonasi, Milliy muzey va Galereya mavjud.
Trinidad va Tobago matbuoti ham tarixiy ahamiyatga ega. Nufuzli kundalik gazeta – “Trinidad posboni” 1917 yildan nashr etiladi. Shuningdek 1882 yil tashkil qilingan “Trinidad va Tobago gazetasi” hukumat haftanomasi, “Trinidad va Tobago shoshilinch xabarlari” (1967), “Kun yangiliklari” (1993) kundalik nashrlari, “Yakshanba posboni” haftanomasi (1917), qator jurnal va elektron nashrlar mavjud.
Mamlakatda radioeshittirish 1947 yildan, teleko‘rsatuvlar 1962 yildan yo‘lga qo‘yilgan.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA