15-iyun kuni koronavirusga chalingan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida qayd etilgan
Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan.
Soʻnggi kunlarda yurtimizda aholi orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilish holatlariga eʼtibor qaratsak, qator hududlardagi koʻplab tashkilotlarda faoliyat yurituvchi xodimlarda kasallik qayd etilayotganining guvohi boʻlishimiz mumkin.
Raqamlarga murojaat etadigan boʻlsak, 14-iyun kuni yurtimizda koronavirus tasdiqlangan 114 nafar bemordan 27 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, 15-iyun sanasida esa koronavirus qayd etilgan 183 nafar bemordan 29 nafari aholi orasida tasdiqlangan. Ikki kunlik maʼlumot, ham umumiy kasallanishda, ham aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari dinamikasida oʻsish kuzatilayotganini koʻrsatmoqda.
15-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Toshkent shahridan 25 nafar, Samarqand viloyatidan 3 nafar, Xorazm viloyatidan 1 nafarni tashkil etgan.
Shu oʻrinda eng koʻp kasallik qayd etilgan Toshkent shahriga toʻxtalib oʻtsak. Jumladan, Olmazor tumanida yashovchi “Chorsu” buyum bozori sotuvchisida (ishxonadan soʻralgani uchun profilaktika maqsadida tahlil topshirgan), shu tumanda yashovchi yana uch nafar fuqaroda: «Smart xaus» xususiy qurilish firmasi dasturlovchisida (ishga borish uchun tahlil topshirgan), respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga davolanishga yotish uchun tahlil topshirgan bemorda hamda tana harorati koʻtarilganligi sababli shifoxonaga borib tahlil topshirgan fuqaroda, shuningdek, Sergeli tumani Xonobod mahallasida qurilayotgan koʻp qavatli uylarning loyiha boshqaruvchisi hamda shu tumandagi maktab oʻquvchisi (tana harorati koʻtarilgan va oilaviy poliklinika uchastka shifokoriga murojaat qilgan) va uning onasida koronavirus tasdiqlangan.
Bundan tashqari, Shayxontohur tumanida yashovchi, Toshkent kimyo texnologiyalari instituti talabasida (tomogʻida ogʻriq boʻlgan, tez tibbiy yordam xizmati orqali yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan), shu tumanda yashovchi, “Orzu” fabrikasi bogʻbonida (tana harorati koʻtarilgani bois tahlil topshirgan), Chilonzor tumanida yashovchi fuqaroda (holsizlik, yoʻtal toʻxtamaganidan keyin shifoxonaga borib, tahlil topshirgan), “Poytaxt” savdo majmuasi kiyim doʻkoni sotuvchisida hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Uchtepa tuman filiali mutaxassisida ham kasallik qayd etilgan.
Shuningdek, Samarqand viloyati Toyloq tumani “Charogʻbon” MFYdagi avtomashinalarni taʼmirlash ustasi (tana harorati koʻtarilganligi sababli namuna olingan), «Hamkorbank»ning Urgut filiali xodimida (mazkur moliya muassasasining barcha xodimlaridan profilaktik maqsadda namuna olingan), ushbu tumanda qandli diabet kasalligi boʻyicha davolanishga yoʻllanma olish uchun namuna olingan bemorda ham koronavirusga chalingani maʼlum boʻldi.
Tahlillardan oydinlashadiki, yon atrofimizda koronavirus xavfi hamon mavjud. Shu yilning 15-iyundan boshlab karantin qoidalari yana-da yumshatilib, qator faoliyat turlariga ruxsat berilgan boʻlsada, xushyorlikni aslo yoʻqotmasligimiz lozimligini kunlik voqea va koʻrsatkichlar koʻrsatib turibdi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi ayni vaziyatdan kelib chiqqan holda, aholidan, yana takror va takror karantin va sanitariya qoidalariga qatʼiy rioya qilishni, jumladan, zarurat boʻlmaganda koʻchaga chiqmaslik, chiqqanda esa niqobni toʻgʻri taqib yurishni, qoʻl berib salomlashish, quchoq ochib koʻrishishdan vaqtincha tiyilish, ijtimoiy masofa saqlash, tirband jamoat transportiga chiqmaslik, niqobsiz boʻlgan yoʻlovchilarga yaqinlashmaslik, qoʻllarni tez-tez sovunlab yuvishni doimiy odatga aylantirishni soʻrab qoladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.