Bugun Toshkent shahrida Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasida do‘st xalq milliy bayrami – Mustaqillikning 79 yilligi keng nishonlandi. Tantanali marosimda elchixona vakillari, turli mamlakatlar diplomatlari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, Hindistondan kelgan talabalar ishtirok etdi.
Qayd etish kerak, 1947 yil 15 avgustda Hindiston o‘z mustaqilligiga erishib, Dehli shahridagi Red Fort qal’asi devorida ilk bor uch rangli davlat bayrog‘i ko‘tarilgan. O‘sha kundan boshlab ayni sana har bir hind fuqarosi uchun diniy va milliy kelib chiqishidan qat’i nazar, qo‘lga kiritilgan ozodlik va birlik timsoliga aylandi.
Bugungi Hindiston yirik demokratiya, zamonaviy texnologiya manzili, sanoat, madaniyat sohalarida jahon miqyosida munosib o‘rin egallagan davlat sifatida ulkan iqtisodiy imkoniyati, ilm-fan va innovatsiyadagi yutuqlari bilan mislsiz kuch-qudrat namoyon etmoqda.
Hindistonning diyorimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant xonim ikki mamlakat do‘stona munosabati mustaqillik yillarida yanada rivojlanganini ta’kidlaydi:
– Elchi sifatida Mustaqillik bayramini O‘zbekistonda birinchi marta qarshi olyapman. Bu men uchun sharaf, albatta. Davlatlarimiz, xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tarixi juda teran, madaniyatlarimiz mushtarak.
12 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat avvalida mamlakatimiz yetakchisi hamkasbi va do‘st hind xalqini Mustaqillik kuni munosabati bilan samimiy tabrikladi.
– Savdo-sanoat, investitsiya, madaniyat sohalari, ayniqsa ta’lim yo‘nalishida aloqalarimiz jadal rivojlanyapti, – deya so‘zini davom ettirdi diplomat. – Hindiston hukumati yoshlarini O‘zbekistonga tibbiyot bo‘yicha o‘qishga yuboryapti. Yurtingiz ta’lim tizimi jozibadorligi tufayli ularning soni kun sayin ortib borayotgani quvonarli.
Marosim dasturiga ko‘ra, o‘zbek va hind tillaridagi kuy-qo‘shiqlar, milliy raqslar va musiqa asarlari namoyish etildi. Rang-barang chiqishlar tadbir ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, ikki xalq o‘rtasidagi yaqinlik, o‘zaro hurmat ruhini yanada mustahkamladi.
<iframe width="640" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/f4xeEIE-qa8?si=IaC-WzceTx4zDatc" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz Xudoyberdiyev, Javohir Toshxo‘jayev, Nishonboy Abduvoitov (video), O‘zA