Yurtimizda fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish, qonunchilikda belgilangan imtiyozlardan to‘liq va samarali foydalanishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar izchil davom etmoqda. Shu maqsadda Qashqadaryo viloyati Kasbi tuman adliya bo‘limi tomonidan “Mulk huquqi kafolatlari” huquqiy oyligi doirasida qator amaliy ishlar olib borildi.
Xususan, tumandagi “Oqqamish” va “Mug‘lon” mahalla fuqarolar yig‘inlarida istiqomat qiluvchi I va II guruh nogironligi bo‘lgan fuqarolarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 421- va 436-moddalarida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari qo‘llanilayotgani o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlar davomida ushbu mahallalarda yashovchi I va II guruh nogironligi bo‘lgan 145 nafar fuqaroga belgilangan soliq imtiyozlari amalda qo‘llanilmagani aniqlandi.
Shundan so‘ng Adliya bo‘limi tashabbusi bilan Kasbi tuman soliq inspeksiyasi hamkorligida zarur choralar ko‘rilib, natijada mazkur 145 nafar fuqaroga jami 23 million 150 ming so‘m miqdorida soliq imtiyozlari qo‘llanilishi ta’minlandi.
Qayd etilishicha, mazkur tadbir fuqarolarning mulkiy huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda qonunchilikda belgilangan imtiyozlarning amalda to‘liq ijro etilishiga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri