Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
14 yoshli shaxmatchimiz tarixiy natijaga yaqin turibdi
11:26 / 2023-11-23

Bugun, 23 noyabr kuni Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida o‘tayotgan jahon chempionatida 14 yoshgacha bo‘lganlar orasida 8 ochko bilan yetakchilik qilayotgan hamyurtimiz Afro‘za Hamdamova 10-tur bahsida Xalqaro shaxmat federatsiyasi bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Anna Shuxman bilan kuch sinashadi.

Aytish lozim, Afro‘za Hamdamova kecha o‘tkazilgan 9-tur o‘yinida qora donalarda gruziyalik Anastasiya Kirtadzeni mag‘lub etgani chempionatning shov-shuvli natijasi bo‘ldi.  

125 nafar ishtirokchi orasida jahon chempionligiga asosiy da’vogar bo‘lib turgan Afro‘za bugungi bahsni ham o‘z foydasiga hal etsa, mamlakatimiz shaxmatchi qizlari orasida ilk bor dunyoning eng kuchli shaxmatchisi maqomiga ko‘tariladi.  

Musobaqada ishtirok etayotgan mamlakatimiz shaxmatchilaridan Miraziz Qo‘ziyev 14 yoshli o‘g‘il bolalar orasida 6 ochko bilan 30-o‘rinda, 16 yoshli qizlar musobaqasida qatnashayotgan Guldona Karimova 6 ochko jamg‘arib, 138 nafar ishtirokchi orasida 16-o‘rinda bormoqda.  

Bugun o‘tkaziladigan 10 turda M.Qo‘ziyev avstriyalik Lukas Dotser bilan, G.Karimova esa mo‘g‘ulistonlik Erdenebayar Xuslen dona suradi.  

80 ta davlatning 760 nafardan ziyod yosh shaxmatchilari ishtirok etayotgan chempionat 25 noyabrga qadar davom etadi.    

 

T.Ro‘ziyev,

O‘zA