Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
14 ta onlayn kuzatuv kamerasi ishga tushirildi (+video)
15:48 / 2024-10-08

Navoiy viloyatida Ekologiya, atrof muhit muhofazasi va iqlim oʻzgarishi vazirligining Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziy boshqarmasi tomonidan 14 ta onlayn kuzatuv kamerasi oʻrnatildi.

Bu kameralar Navoiy shahrining Tinchlik, Farovon, Yoshlik, Zarafshon shahrining Navroʻz, Bahor, Uchquduq tumanidagi Yoʻlchilar, Aytim, Istiqlol hamda Karmana tumanidagi Yangiariq, Yangi hayot, Navroʻz mahallalarida ishga tushirildi. Ular yon-atrofni 360 darajada tasvirga oladi.

– Endi belgilanmagan joylarga chiqindi tashlagan fuqarolar va avtomashinalar roʻyxati shakllantirilib, viloyat IIB boshqarmasi maʼlumotlar bazasidan avtomashina egalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, ularning manzillari olinadi, – deydi Ekologiya, atrof muhit muhofazasi, iqlim oʻzgarishi boshqarmasi axborot xizmati rahbari Zubayda Dushanova. – Keyin esa viloyat Ekologiya, atrof muhit muhofazasi, iqlim oʻzgarishi boshqarmasi hududiy inspektorlari fuqarolarning yashash xonadonlariga borib, huquqbuzarliklari haqida xabar berishadi. Ularning xatti-harakati belgilangan tartiblarga zid ekanligi, atrof muhitga zarar keltirishi tushuntirilib, maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtiriladi va tegishli jazo choralari qoʻllaniladi.

Hozir joylarga oʻrnatilgan onlayn kameralar orqali belgilanmagan joyga chiqindi tashlash bilan bogʻliq bir qator huquqbuzarliklar aniqlanmoqda.

Jumladan, Navoiy shahar “Tinchlik” MFY hududida fuqarolar K.H., O.I., I.U., A.F. va Z.F.lar tomonidan belgilanmagan hududga noqonuniy chiqindi tashlangan. Shuningdek, Karmana tumani Bogʻishamol mahallasida ham fuqarolar I.E, B.U. lar xuddi shunday huquqbuzarlik sodir etgan.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan barcha huquqbuzarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 91-moddasi 1-qismiga koʻra, maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ularning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida jarima belgilandi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Cjar02O1K2U" title="14 ta onlayn kuzatuv kamerasi ishga tushirildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Eslatib oʻtamiz, belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1-3 baravari, mansabdor shaxslarga esa 10-20 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri