English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
14 noyabr - Tibbiyot xodimlari kuni
08:54 / 2021-11-12

Buxoro tibbiyoti asriy merosiga mos rivojlanmoqda

Har qanday davrda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydigan va jamiyat unga hamisha ehtiyoj sezadigan soha bu  tibbiyotdir.    

Ushbu soha vujudga kelgan ilk manzil va unga asos solgan allomalar to‘g‘risida turli taxminlar yurishiga qaramay, ko‘hna Buxoro zamini unga beshik bo‘lganini dunyo olimlari inkor etmaydi.  

Zero, Sharq uyg‘onish davrida tibbiyotning qator yo‘nalishlari bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan, murakkab bir sharoitda ko‘plab kasalliklarni tashxislash va davolash usullarini topgan buyuk ajdodimiz Abu Ali ibn Sino qoldirgan boy meros zamonaviy tibbiyotning rivojlanishiga zamin yaratgan.  

Keyinchalik Buxoroda Amir Abdulahadxon (1859-1910) tibbiy muassasaga asos soldi va uni rivojlantirdi.  

O‘tgan davr mobaynida tibbiy muassasa turli nomlar bilan ataldi. Bo‘limlar, shifo o‘rinlari ko‘payib bordi. Kadrlar tanqisligini boshdan kechirgan tibbiyotimiz keyinchalik mahalliy kadrlar hisobiga to‘lib bordi.  

Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tashkil topganiga bu yil 130 yil to‘ldi.  

Aytib o‘tish kerakki, markazda bir yilda 20 mingdan ortiq aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniga ega 18 ta davolovchi bo‘lim, 250 kishiga mo‘ljallangan maslahat poliklinikasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 173 nafar malakali shifokor, 400 nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari, Rossiya, Germaniya, Italiya, Polsha, Turkiya, Qozog‘iston davlatlarining yetakchi davolash muassasalari bilan hamkorlik ishlari olib borilmoqda.  

- Markazimizda so‘nggi yillarda murakkab tibbiy amaliyotlar, yuqori texnologik kam invaziv operatsiyalar olib borish ko‘lami ortdi, - deydi markaz bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdurahmon Norov. - Bu yerda 500 dan ortiq artroskopik, 250 dan ortiq murakkab suyak operatsiyalari, xususan, umurtqa pog‘onasida 500 dan ziyod amaliyotlar muvaffaqiyatli bajarildi. Respublika darajasida bajarib kelingan qator neyroxirurgik murakkab operatsiyalar endilikda markazda amalga oshirilayotgani quvonarli, albatta.  

Viloyat tibbiyotini kadrlar bilan ta’minlashda tibbiy ta’limning o‘rni beqiyos. O‘tgan 31 yil mobaynida Buxoro tibbiyot institutning birgina davolash fakultetini 5 yarim mingdan ziyod talaba bitirib chiqdi.  

Aynan shuncha shifokor viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bazasida ishlab, ko‘nikma olib shakllandi. Bunda kafedralar bilan hamkorlik qilayotgan shifokorlar va professor-o‘qituvchilarning xizmatlari katta. bugungi kunda ushbu oliy dargohni tamomlagan qator kadrlar nafaqat viloyatda, respublikada va hattoki rivojlangan mamlakatlarda ishlab, tajriba orttirmoqda.

 Markazda tez fursatda gematologiya yo‘nalishi bo‘yicha 30 o‘rinli, suyak iligi ko‘chirish bo‘yicha jarrohlik kompleksi ishga tushiriladi. Kardioxirurgiya yo‘nalishida ochiq yurakda barcha jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun sun’iy qon aylanish uskunasi olish rejalashtirilgan. Buyrak transplantatsiyasini amalga oshirish bo‘yicha ham malakali kadrlar shakllantiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, Buxoro tibbiyoti asriy merosiga mos rivojlanib bormoqda.  

 

 

       Hamzabek TURDIEV,

jurnalist