Giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha 2024-2028 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyaning ustuvor maqsadlariga erishish, giyohvandlik va uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashish, ayniqsa, yoshlarning ushbu illat ta’siriga tushib qolishining oldini olish borasida Andijon viloyatida zarur ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 3 noyabrda qabul qilingan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkotik vositalaridan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan joriy yilning 20 noyabridan 20 dekabriga qadar “Xavfsiz va sog‘lom yurt” nomli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.
Mazkur tadbirlar davomida boshqarmaning tezkor-qidiruv xizmati xodimlari tomonidan jami 161 ta holatda jinoiy faoliyatga qo‘l urgan shaxslardan qariyb 14,5 kilogramm giyohvandlik vositalari hamda 10 ming 154 dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi dori vositalari musodara qilindi.
– Bundan tashqari, Andijon shahri va Bo‘ston tumanida narkotik moddalarni “zakladka” usuli bilan tarqatish holati aniqlanib, bartaraf etildi, – deydi Andijon viloyati IIB axborot xizmati boshlig‘i Sherzodbek Nuriddinov. – Shuningdek, “narkograffiti” usulidagi, devor va turli joylardagi 16 ta narkotik moddalar savdosi bilan bog‘liq yozuvlar o‘chirildi.
Shuningdek, tadbirlar davomida giyohvandlikning oldini olish, uning salbiy oqibatlari haqida aholi va yoshlarning bilim hamda tushunchalarini boyitish, bu boradagi jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha keng ko‘lamli targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi.
F.Ubaydullayev, O‘zA muxbiri