Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
14 dekabrda qancha yoqilg‘i sarflandi va qancha elektr energiyasi ishlab chiqarildi? – Mutaxassis javob berdi
18:33 / 2023-12-15

Energetika vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 14 dekabr kuni elektr stansiyalar orqali 254,5 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shundan iste’molchilarga 247,2 million kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan.

Ushbu manbani ishlab chiqarish uchun issiqlik elektr stansiyalarda 43,5 million metr kub tabiiy gaz, 18,1 ming tonna ko‘mir, 12,1 ming tonna mazut yoqilgan. Mamlakatimiz tabiiy gaz iste’moli esa 159 million metr kubni tashkil etgan. 

Vazirlik matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ta’kidlaganidek, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni rostlash maqsadida hududlarda kiritilgan cheklovlarga amal qilinmoqda. 

– Yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida hududlarga avtobenzin va dizel yonilg‘isi miqdori oshirilgan tarzda yetkazib berilmoqda. Xususan, kecha “O‘zbekneftgaz” jamiyati tomonidan Farg‘ona vodiysidagi avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga jami 1028 tonna jumladan, Andijon viloyatida 406 tonna, Namangan viloyatida 346 tonna va Farg‘ona viloyatida 276 tonna avtobenzin yetkazib berildi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan import asosida olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi yanada oshirildi. 

Shu bilan birga, respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari va transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etib borilmoqda. Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarda yuzaga kelgan 15 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 9 ta nosozlik bartaraf etildi. Ta’minotdagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan kelib tushgan 1858 ta murojaat maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi. Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha 1037 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi. 

Hozirgi vaqtda “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatidan tabiiy gaz oluvchi 1 ming 204 ta metan zapravkaning 624 tasi belgilangan grafik asosida ishlamoqda, – dedi AOKAda o‘tkazilgan brifingda Hasan Toshxo‘jayev. 

N. Ziyodullayeva, O‘zA