English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
139 ming 877 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi
12:05 / 2024-12-29

Andijon viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasining joriy yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda kelgusi yilga belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda boshqarma mutasaddilari, hamkor tashkilotlar vakillari, “Oqila ayollar” harakati faollari, tuman, shahar hokimlarining o‘rinbosarlari, Oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyat va oiladagi nufuzini oshirish, ularni qiynayotgan muammolarni aniqlash hamda hal etish, shuningdek, oila qadriyatlarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi. Mazkur yo‘nalishda  viloyatda amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.    

Yig‘ilishda Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Ahmedovaning boshqarma tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisoboti tinglandi.  

– Yil boshidagi o‘rganishlar asosida viloyatdagi 909 ta mahallada 90 ming 250 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi, – deydi Gulnoraxon Ahmedova. – Ular tasdiqlangan ro‘yxatlar bo‘yicha 6 toifaga ajratilib, tizimli ishlar olib borildi. Natijada bugungi kunga qadar ularning 90 ming 136 nafariga zarur yordamlar ko‘rsatildi.  

Joriy yil davomida ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ayniqsa, ularni tadbirkorlikka jalb etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ana shu yo‘nalishda olib borilgan ishlar natijasida 139 ming 877 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.  

Tadbirkorlikka jalb qilish hamda Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armalari hisobidan 4 ming 967 nafar xotin-qizga turli yo‘nalishlarda o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish uchun 27,7 milliard so‘m miqdorida subsidiya mablag‘lari berildi. Bundan tashqari, 19 ming 78 nafar xotin-qizga o‘z biznes-loyihalarini amalga oshirish uchun 417,1 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.  

Yig‘ilishda, shuningdek, “Ayollar daftari” orqali xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, oilalarni mustahkamlash, oilalardagi ma’naviy muhitni yaxshilash, ajrimlarning oldini olish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, xotin-qizlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi ishlar ham muhokama qilindi.  

Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, sifati va samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Shuningdek, kelgusi yilda amalga oshiriladigan asosiy vazifalar bo‘yicha rejalar belgilab olindi.  

Yakunda joriy yil davomida samarali va namunali ish olib borgan bir guruh hamkor tashkilotlar vakillari, tizimdagi faol va tashabbuskor xotin-qizlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

F. Ubaydullayev,

Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari