Qashqadaryo viloyatida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan fuqarolarga nisbatan keskin choralar ko‘rilmoqda. Faqatgina bir hafta ichida 131 nafar fuqaroning 2,1 milliard so‘mlik soliq qarzi uchun ularga tegishli avtotransport vositalari jarima maydonchalariga joylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasiga muvofiq, har bir fuqaro belgilangan tartibda soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga majbur. Ammo amaliyotda ushbu burchni mensimaydiganlar ham uchramoqda. Shu bois, tegishli idoralar tomonidan soliq qarzdorlariga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.
Jarima maydonchalariga olib ketilgan avtoulovlar ortida milliardlab qarzlar bor.
O‘tgan haftada o‘tkazilgan profilaktika tadbirlari davomida 131 nafar qarzdorning avtotransport vositasi vaqtinchalik jarima maydonchalariga joylashtirildi. Bu tadbirlar natijasida 102 nafar fuqaroning 1,1 milliard so‘mlik soliq qarzi undirildi.
Mutasaddi idoralar ma’lumotlariga ko‘ra, bu kabi tadbirlar orqali hozirgacha 9 ming nafar qarzdordan umumiy hisobda 46 milliard so‘mlik qarzni undirish rejalashtirilgan.
Soliq — davlatning iqtisodiy ustuni. Uning o‘z vaqtida to‘lanmasligi byudjetdagi barqarorlikka tahdid soladi, ijtimoiy loyihalarning amalga oshishini kechiktiradi. Shu bois, davlat fuqarolardan burchlarini o‘z vaqtida ado etishni talab qiladi.
Hozirda viloyat bo‘ylab bunday profilaktik tadbirlar izchil davom etmoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, qarzdorlikni to‘lashdan bo‘yin tovlayotgan fuqarolarga nisbatan yanada qat’iy choralar qo‘llaniladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri