130 ta daryo, ko‘l va buloqning rasmiy nomi belgilandi
Mamlakatimizda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor yangi bosqichga ko‘tarildi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbek tilidagi milliy kontentlarni ko‘paytirish, barcha sohalarda ob’ektlarni o‘zbekcha nomlashtirish fikrimizning isboti.
Hukumat qaroriga muvofiq, 130 ta suv ob’ekti daryo va soylar, ko‘llar, buloqlar, sharsharalar hamda suv omborlarining davlat tilidagi nomlari tasdiqlandi. Qolaversa, ro‘yxatga yangi gidronimlar ham kiritildi. Ya’ni, Sassiqsoy nomi Sho‘rsuv, Gaiston sel suv ombori Yangiqo‘rg‘on deb ataldi. Jinnidaryo esa Zo‘g‘atasoy deb o‘zgartirildi.
Bundan avval 320 ta temiryo‘l ob’ektining nomi davlat tili talablariga moslashtirilgan edi. Endi navbat tog‘lar va tog‘ tizmalari, cho‘qqilar, dovonlar va g‘orlar nomlarini tartibga solishga keldi.
Eslatib o‘tish joiz, bundan buyon ob’ektlarni nomlashda davlat tili qoidalariga amal qilmaslik belgilangan tartibda javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA