Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
13 soatlik sinov: Janubiy Koreyada abituriyentlar imtihonni qanday topshiradi?
11:35 / 2025-11-14

Har yili noyabr oyida Janubiy Koreyada vaqt sekinlashib qolgandek tuyuladi – do‘konlar ertaroq yopiladi, reyslar kechiktiriladi, shaharlar jimjitlikka cho‘kadi. Buning sababi — mamlakat yoshlarining hayot yo‘lini belgilovchi Suneung (CSAT) imtihoni, desak yanglishmaymiz.

Aksar o‘quvchilar uchun bu 8 soatlik marafon bo‘lsa, ko‘zi ojiz abituriyentlar imtihonni 12–13 soat davomida topshiradi. Ular uchun test vaqti 1,7 baravar uzaytiriladi, imtihon esa kechki soat 22:00 ga yaqin tugaydi. Eng qiyin tomoni — kechki ovqat uchun tanaffus yo‘qligi, brayl alifbosidagi testlar hajmi katta bo‘lishi va bir vaqtning o‘zida barmoqlar va eshitish sezgisi bilan ishlashga to‘g‘ri kelishidir.

O‘lka bo‘ylab millionlab o‘quvchilar tayanadigan ilmiy darsliklar, qo‘shimcha testlar va onlayn ma’ruzalar brayl formatida yetishmaydi. “EBS” tomonidan chiqariladigan rasmiy tayyorlov kitoblarining brayl muqobili esa ko‘pincha imtihonga uch oy qolganida chiqadi. Bu vaqtga kelib ko‘zi ojiz o‘quvchilar katta hajmli materiallardan foydalanishda fiziologik jihatdan ulgurmaydi.

Brayl kitoblar odatiy nusxadan to‘qqiz baravar qalin bo‘ladi, grafik va jadvalni barmoqlar bilan tushunish esa matematikadan tortib adabiyotgacha — har bir bo‘limni yanada murakkablashtiradi. 

Ko‘pchilik ushbu o‘quvchilarning chidamini «hayratlanarli» deb hisoblaydi: soatlab nuqtalarni barmoqlar bilan bosib o‘qish qo‘l uchlarini og‘ritadi, biroq ular harakatdan aslo to‘xtamaydi. Ko‘zi ojiz o‘quvchilar uchun Suneung shunchaki imtihon emas, bu — yillar davomida yig‘ilgan mehnatni isbotlash, sabr va irodaning ham sinovi.

Musulmon Ziyo, O‘zA