Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
13 oktyabr — Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni
13:17 / 2025-10-13

Kutilmaganda sodir bo‘ladigan turli ko‘rinishdagi tabiiy ofatlar inson hayoti, salomatligi, infratuzilma va tabiat uchun, qolaversa, mamlakatning iqtisodiyoti uchun jiddiy tahdid hisoblanadi.

Har yili toshqinlar, zilzilalar, bo‘ronlar, sel va qurg‘oqchilik kabi ofatlar minglab inson hayotiga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, turli ofatlarning oldini olish, bunga tayyorgarlik ko‘rish va ulardan keladigan zararni kamaytirish chora-tadbirlarini hozirlash muhim masalalardan. 

Bu borada 1989 yilda BMT Bosh Assambleyasining 44-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga binoan 1990-1999 yillar tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish o‘n yilligi deb e’lon qilingan. Shu davr mobaynida har yili oktyabr oyining ikkinchi chorshanbasi Xalqaro tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilingan. Ushbu yo‘nalishdagi keng miqyosli chora-tadbirlarni davom ettirish maqsadida BMT Bosh Assambleyasining 2017 yil 17 yanvardagi rezolyutsiyasiga asosan 13 oktyabr sanasi muntazam ravishda Xalqaro halokatlar xavfini kamaytirish kuni deb e’lon qilingan.

BMT tomonidan barcha a’zo davlatlar va xalqaro tashkilotlarga ushbu kunni munosib darajada nishonlash, turli halokatlarning oldini olish va ularning xavfini kamaytirish bo‘yicha dasturiy rejalar ishlab chiqish, imkon qadar talafotlarga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Qayd etish lozimki, mamlakatimizda Favqulodda vaziyatlar vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar hamda boshqa tegishli idoralar turli ofatlarning oldini olish, aholining bu boradagi hushyorligini oshirish borasida muntazam faoliyat olib boradi.

Xavfni oldindan tahlil qilish, huquqiy-me’yoriy bazani mustahkamlash alohida ahamiyatga ega. Buning uchun tabiiy hududlarni himoya qilish va degradatsiyadan saqlash, ekologik toza hududlar tizimini qonuniy mustahkamlash, suv resurslarini asrash, barqaror infratuzilma va tabiiy muvozanatni tiklash, fuqarolarda ekoxabardorlik va xavflar tuyg‘usi shakllantirish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik va zudlik bilan reaksiya tizimini kuchaytirish lozim bo‘ladi. 

Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bir jihatdan ekologiya va atrof-muhitga bo‘lgan munosabatlarimiz bilan chambarchas bog‘liq. Shunday ekan, Yer sayyorasiga zarar keltiradigan harakatlardan tiyilish, tabiiy muhitni asrashga hissa qo‘shish har birimizning vazifamizdir. 

Muhtarama Komilova, O‘zA