Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Zuhal Hunar Zar” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati yildan yilga takomillashmoqda.
Tumanning “Ibn Sino” mahalla fuqarolar yig‘ini Qo‘rg‘ontepa qishlog‘idagi bu korxona bundan 15-20 yil oldin “Peshkuteks” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida faoliyat yuritgan. Xom ashyo ta’minotidagi yetishmovchilik va muammolar keyinchalik ishlab chiqarish va tabiiyki, moddiy imkoniyat cheklanishiga olib keldi. 2002 yilda tashkil topgan korxona 2016 yilda butunlay inqirozga uchragan.
2020 yil iyun oyida mahalliy tadbirkor Umid Bahronov tashabbusi bilan korxona faoliyati qayta tiklandi. “O‘zmilliy bank” AJ viloyat filiali va U.Bahronov o‘rtasida 5 yil muddatga oldi-sotdi shartnomasi tuzilib mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Zuhal Hunar Zar” korxonasi qayta tashkil etildi.
Hozirda korxonada ming tonnadan ortiq xom ashyo qayta ishlanib, ip-kalava tayyorlanmoqda. O‘tgan ikki yil davomida yuzdan ziyod kishi mehnat qilayotgan korxona jamoasi moliyaviy natijalarini yaxshiladi. Mahsulotning 70 foizdan ortig‘ini Rossiya, Polsha, Turkiya va Pokiston davlatlariga eksportga chiqarish hisobidan ishchilarga 1,5 -2 million so‘m atrofida oylik maosh to‘lanayotir. Korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulot tan narxini arzonlashtirish va raqobatbardoshligini oshirish, 2024 yil yakuniga qadar tayyor momiq sochiq va choyshablar ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
– Muhimi, bugunga kelib korxonaning majburiy to‘lovlar va hamkorlardan muddati o‘tgan qarzdorligi yo‘q, – deydi “Zuhal Hunar Zar” korxonasi ish yurituvchisi Sharof Amonov. – Faqat, bunda yaqin hamkor sifatida Farg‘ona viloyati Toshloq tumanidagi “Expo collor print teks” MCHJ kabi buyurtmachilarning paxta tolasini qayta ishlash evaziga olingan xizmat haqi hisobidan faoliyat yurityapmiz. Mazkur vodiy korxonasi bilan joriy yil yakuniga qadar hamkorlikda ishlash uchun o‘zaro shartnoma tuzilgan.
Korxona binosida xitoy texnologiyasi asosida tomchilatib sug‘orish quvurlarini ishlab chiqarish sexi ham ijara asosida faoliyat yuritmoqda. Qiymati 1 million AQSH dollariga teng mazkur loyihaning hozirda 400 million AQSH dollariga teng dastlabki bosqichi ishga tushgan. Natijada 13 nafar mahalliy yoshlar ish bilan ta’minlangan.
Mazkur loyiha atrof-muhitga ekologik nomutanosiblikning oldini olishi bilan ahamiyatli. Chunki keng paxta va boshqa ekin maydonlariga joriy qilinayotgan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi ko‘p miqdorda rezina-plastmas shlang va yana boshqa ashyolarni taqozo etadi. Ular chiqindisini qayta ishlash orqali yana amaliyotga joriy etish esa maqsadga muvofiq ish.
Bu loyiha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning shu yil 24 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshirig‘i asosida har bir shahar-tumanda 50 million AQSH dollariga teng to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyani kiritish dasturiga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Korxona ta’sischisi, xitoylik sarmoyador Hu Zhuyu mazkur sug‘orish quvurlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash loyihasiga 1 million AQSH dollari kiritishga tayyorligini bildirgan. Ayni paytda mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi "FENG YE — TOMCHILATIB SUG‘ORISH" xorijiy korxonasi tomonidan birinchi bosqichda 400 ming AQSH dollari miqdoridagi investitsiya jalb qilingan. Sexda kuniga 20 tonna foydalanilgan quvurdan granula ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bir soatda 7 ming 200 metr tomchilatib sug‘orish rezina quvuri ishlab chiqarilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA