Namangan tumanidagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga joriy yilning 18 may kuni “Bo‘ston” mahallasida yashovchi S.F. tomonidan murojaat kelib tushgan.
Unga ko‘ra, fuqaro 2021 yilda yangi yashash hovlisi uchun elektr hisoblagich o‘rnatish maqsadida Davlat xizmatlari markazi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Namangan tumani bo‘limiga ariza bergan. Iste’molchining ikki marotaba takroran bergan arizasi mas’ullarning mas’uliyatsizliklari oqibatida o‘rganib chiqilmagan va ijro intizomiga rioya etilmagan. 2023 yil may oyida esa elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangani to‘g‘risida dalolatnomaga asosan, fuqaro S.F. ga 13 567 050 so‘m jarima belgilangan.
Murojaat jamiyat mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, fuqaroning Davlat xizmatlari markazi orqali bergan arizalariga asosan, ushbu qarzdorlik asossiz deb topildi. Fuqaro tomonidan bugungi kunga qadar foydalangan elektr energiyasi uchun 1 900 000 so‘m pul mablag‘i qayta hisob-kitob qilinib to‘landi va yangi elektr hisoblagich o‘rnatib berildi. Natijada, iste’molchining 13 567 050 so‘m noreal qarzdorligi bartaraf etilishiga erishildi.
M.Qosimova, O‘zA