Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
120 startapdan 2 g‘olib saralandi
12:32 / 2026-03-02

Jizzax shahrida “Startup Arena – Jizzax, Sirdaryo, Samarqand” tanlovining hududiy bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Yuzdan ortiq innovatsion g‘oyalar orasidan eng salohiyatli startaplar saralab olindi. Tashabbus “Yoshlar Ventures” mas’uliyati cheklangan jamiyati (jamg‘armasi) hamda O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida amalga oshirildi.

Loyihaning asosiy maqsadi — Jizzax, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida istiqomat qiluvchi yoki faoliyat yurituvchi 18–30 yoshli tashabbuskorlarning innovatsion g‘oyalarini aniqlash, ularni ekspertlar bahosidan o‘tkazish hamda moliyalashtirish uchun tavsiya etishdan iborat. Bu orqali hududlarda startap ekotizimini mustahkamlash, yoshlarning texnologik tadbirkorlikka qiziqishini oshirish ko‘zda tutilgan.

Tanlov doirasida jami 120 ta startap loyiha taqdim etildi. Ko‘p bosqichli saralash natijasida 8 ta istiqbolli g‘oya finalga yo‘llanma oldi. Hakamlar hay’ati tarkibida Yoshlar ishlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi boshlig‘i Murodbek Rahmonberdiyev, jamg‘arma direktori Abdulaziz Yakubov, “Aloqa Ventures” rahbari Abror Ibragimxo‘jayev, “UzCombinator” rahbari Murodillo Ismoilov hamda oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi. Loyihalar innovatsion yangiligi, bozor ehtiyojiga mosligi, jamoa salohiyati va biznes modeli puxtaligi asosida baholandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “Dsatuz” loyihasi muallifi Abdulkarimjon Mamadaliyev 15 ming AQSH dollari, “Businessrobots.ai” loyihasi bilan Valeriy Bushuyev esa 150 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya bilan taqdirlandi. Shu tariqa ikki g‘olib loyiha uchun jami 165 ming dollar miqdorida sarmoya ajratilishi belgilandi. Bu ko‘rsatkich hududda shakllanayotgan startap muhitining salohiyatini yaqqol namoyon etdi.

— Bugun “Yoshlar Ventures” jamg‘armasi a’zolari Jizzax shahrida Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan saralab olingan yoshlarning startap loyihalarini ekspertlar bilan birgalikda eshitib, ko‘rib chiqdik, — deydi jamg‘arma direktori Abdulaziz Yakubov. — Tan olish kerak, yoshlar taqdim etgan loyihalar biri-biridan qiziqarli va barchasi g‘oliblikka munosib. Biroq tanlov talablariga to‘liq javob bergan ikki loyiha — “Dsatuz” va “Businessrobots.ai” investitsiyaga tavsiya etildi. Bu qaror avvalo ularning puxta hisob-kitoblari, bozor tahlili va aniq biznes strategiyasiga tayangani bilan bog‘liq.

[gallery-27925]

Tanlovning mutlaq g‘olibi Valeriy Bushuyevning ta’kidlashicha, “Businessrobots.ai” — sun’iy intellekt asosida ishlovchi platforma bo‘lib, biznes jarayonlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.

— Rostini aytsam, mutlaq g‘olib bo‘lishimizni kutmagan edik. G‘oliblar e’lon qilingan pallada hayajonni so‘z bilan ifoda etish qiyin, — deydi u. — Platformamiz kompaniyalarga mijozlarni jalb etish xarajatlarini kamaytirish, mijoz qiymatini oshirish va marketing ko‘rsatkichlarini yaxshilash imkonini beradi. “UzCombinator” bilan hamkorlikda loyihani yanada takomillashtirish niyatidamiz. Qo‘lga kiritilgan investitsiya bu rejalarni tez va samarali amalga oshirish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Mutaxassislar fikricha, bunday tanlovlar yoshlarni faqat g‘oya ilgari surishga emas, balki uni aniq hisob-kitob, chuqur bozor tahlili va barqaror biznes modeliga ega amaliy loyihaga aylantirishga undaydi. Eng muhimi, hududlarda global bozorni nishonlagan, innovatsion fikrlaydigan yangi avlod tadbirkorlari shakllanmoqda.

“Startup Arena”ning hududiy bosqichlari yoshlar tashabbusini qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini kengaytirish va startaplarni amaliyotga joriy etishda muhim maydonga aylanmoqda. Bu esa mamlakatda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish yo‘lidagi izchil qadam sifatida baholanmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari