Sirdaryo viloyatining Shirin shahridagi 5-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti to‘liq rekonstruksiya qilinib, yangi qiyofada foydalanishga topshirildi. Hozirda mazkur muassasa 120 nafar bolani qamrab olish imkoniyatiga ega bo‘lib, zamonaviy ta’lim standartlariga mos ravishda jihozlangan.
O‘quv-tarbiya jarayonini samarali tashkil etish maqsadida bog‘chada dars va dam olish xonalari, musiqa va gimnastika zallari, ovqatlanish xonalari hamda yo‘l harakati xavfsizligi burchaklari yangidan barpo etildi. Bolalar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratildi.
Bino ilk bor 1985 yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, vaqt o‘tishi bilan ta’mirga muhtoj holatga kelgan. Shu sababli 2023 yilgi Investitsiya dasturi doirasida 2024 yil iyun oyida muassasani rekonstruksiya qilish uchun 3 milliard 176 million so‘m mablag‘ ajratildi. Bunyodkorlik ishlari “Anti-kor” mas’uliyati cheklangan jamiyati mutaxassislari tomonidan amalga oshirildi.
Bog‘chaning qayta ochilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Shirin shahar hokimi Niyoz Xazratkulov, mahalliy jamoatchilik, soha mutaxassislari, bolalarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Tadbirda shahar hokimi ta’lim muassasasida yaratilgan imkoniyatlar yosh avlodning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilishi va bu kabi loyihalarni ko‘paytirish muhim ekanini ta’kidladi.
[gallery-24631]
Rekonstruksiya qilingan ushbu maskan kelajak avlodga munosib ta’lim-tarbiya berish, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev, O‘zA muxbirlari