Jizzax shahri qir bag‘ridagi “Navro‘zbuloq” damolish hududida yangi sog‘lomlashtirish markazining birinchi loyihasi foydalanishga topshirildi.
Keyingi vaqtlarda Prezidentimizning 2023 yil 12 iyundagi “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrolari doirasida Jizzax shahridagi mahallalarda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilyapti.
“Navruzbuloq” sog‘lomlashtirish markazi loyihasining qurilishiga umumiy hisobda 25 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lib, shundan 12 milliard so‘mi bank krediti, qolgani esa tadbirkor sarmoyasi asosida barpo etilmoqda. Hozirda 2 qavatli mehmonxona, umumiy ovqatlanish markazi hamda kengligi 40 x 15 metr, chuqurligi 1,8–2,2 metr bo‘lgan zamonaviy bolalar suzish havzasi qurib bitkazildi.
Bugun faoliyatini boshlagan ushbu markaz mahalliy tadbirkor, “Maqsuda-Nazokat” ko‘p tarmoqli mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) rahbari Sunatilla Boyxo‘rozov tomonidan barpo etildi. Sunatilla aka tadbirkorolik faoliyatini bundan 20 yil muqaddam, Jizzax shahrida birinchilardan bo‘lib “Jizzax somsa” markazini tashkil etishdan boshlab, umumiy ovqatlanish shahobchalarini barpo etdi, ko‘plab ish o‘rinlarini yaratdi.
“Navro‘zbuloq” dam olish maskanida bog‘ yaratishdek xayrli ish esa bundan 12 yil muqaddam boshlangan edi. O‘shanda “Kichik bir buloq zo‘rg‘a oqib turgan, giyoh bitmagan yaydoq qir-adirda daraxt bitarmidi?” deguvchilar ham ko‘p bo‘lgan edi. Lekin, tadbirkorning mashaqqatli mehnati, bir ishni boshini tutdimi, oxirigacha olib borishidek shijoati sabab, bugun bu hududda 36 gektarlik bog‘ barq urib, u yerda 20 ming tup turli mevali va manzarali daraxtlar shahardagi atmosfera tozaligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Suvi bo‘lmagan, yaydoq qirlikda bog‘ yaratishning o‘zi bo‘lmaydi albatta. 2 kilometr pastdan artizan quduq qazilib, tepalikka suv olib chiqildi, ekilgan har tup daraxt tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida sug‘orildi.Buning natijasida, kechagi yaydoq adirlik, bugun jizzaxliklarning sevimli dam olish maskaniga aylandi.
Tadbirkor yaqin yillar ichida – o‘zi rahbarligidagi “Maqsuda-Nazokat” MCHJ faoliyatini yanada kengaytirib, klasterga aylantirishni maqsad qilgani esa alohida tahsinga loyiq. Bu esa yurtdoshlarimiz uchun yana qo‘shimcha qulayliklar va yangi ish o‘rinlari yaratiladi degani hamdir.
Sog‘lomlashtirish markazining ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Akmal Savurboyev, Jizzax shahar hokimi o‘rinbosari Suyun Silliyev, “Shodlik” MFY raisi To‘lqin To‘raqulov va boshqalar so‘zga chiqib, yangi maskan yoshlar va kattalar uchun ham birdek sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanish va jismoniy faollikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlashdi.
[gallery-23857]
Shuningdek, rasmiy marosim davomida ushbu mahalla hokim yordamchisi Abdulaziz Xo‘jakov, tadbirkor Sunatilla Boyxo‘rozov hamda markazning qurilish-montaj ishlarida faol qatnashgan quruvchi-muhandislarga Jizzax viloyat hokimligining faxriy yorliq, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari