Har yili 12 noyabr kuni dunyoning turli mamlakatlarida Butunjahon pnevmoniyaga qarshi kurashish kuni sifatida nishonlanadi. Bu sana bejiz tanlanmagan, chunki pnevmoniya — tibbiyotda qadimdan eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lgan kasalliklardan biri. Hozirda ham ushbu xastalik global sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy sinov bo‘lib qolmoqda.
Pnevmoniya (zotiljam) – bu organizmga kirgan bakteriya, virus yoki zamburug‘li infeksiyalar oqibatida o‘pkaning yallig‘lanishi natijasida yuzaga keladigan kasallik. Ammo bu kasallikni faqat “infeksiya” deb baholash yetarli emas. Chunki pnevmoniya jamiyatning sog‘lom turmush tarzi, sanitariya madaniyati, tibbiy profilaktika va emlash bilan bevosita bog‘liq muammo.

Zamonaviy tibbiyotda antibiotiklar mavjud bo‘lishiga qaramay, pnevmoniyani davolash yildan yilga qiyinlashib bormoqda. Bunga sabab mikroblarning antibiotiklarga nisbatan qarshilik hosil qilishi. Bu hodisa global sog‘liqni saqlash tizimi uchun yangi xavf hisoblanadi. Tibbiy statistikaga ko‘ra, antibiotiklarga chidamli bakteriyalar tufayli pnevmoniya bilan og‘rigan har beshinchi bemorni to‘liq davolash qiyinlashmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, pnevmoniya dunyo bo‘yicha har yili o‘rtacha 2,5–3 million odamning hayotiga zomin bo‘ladi.
Pnevmoniya inson salomatligi va hayoti uchun jiddiy xavf tug‘diruvchi, o‘z vaqtida profilaktika hamda davolash choralarini ko‘rishni talab etuvchi og‘ir yuqumli kasallikdir. Ushbu kasallik nafaqat tibbiy muammo, balki har bir insonni o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan yondashishga undovchi jiddiy ogohlantirish.
12 noyabr — Butunjahon pnevmoniyaga qarshi kurashish kuni har bir insonni sog‘lom turmush tarziga amal qilish, profilaktik choralarga rioya etish va har bir nafasning qadrini anglashga da’vat etadi.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA