Buxoro viloyati bojxonachilarining o‘tgan 8 oy davomida tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash, eksport-import operatsiyalarini jadallik bilan amalga oshirishlarida ko‘maklashish borasida sezilarli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Davlatimiz tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar doirasida korxonalarga bojxona to‘lovlaridan 636,6 milliard so‘mlik imtiyozlar qo‘llanildi.
Bu esa viloyatda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va xorijga eksport qilishni munosib rag‘batlantirmoqda.
8 oyda viloyatdan 118,6 million AQSH dollari qiymatidagi tovarlar xorijga eksport qilindi. 2020 yilning shu davriga nisbatan bu ko‘rsatkich 48,6 foizga oshdi.
Joriy yilning shu davriga qadar esa “Xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan axborot tizimi” orqali jami 23 ming 413 ta bojxona yuk deklaratsiyalari, shundan 5 ming 137 tasi “yashil yo‘lak”, 11 ming 966 tasi “sariq yo‘lak”, 6 ming 310 tasi “qizil yo‘lak” orqali rasmiylashtirilgan.
Qonun talablariga og‘ishmay amal qilayotgan tadbirkorlar hamisha rag‘batda.
Hozirda import rasmiylashtiruvi uchun o‘rtacha 4 soat 2 minut, eksport rasmiylashtiruviga esa 1 soat 20 minut sarflanmoqda.
Tashkil etilgan amaliy chora-tadbirlar natijasida boshqarma xodimlari tomonidan 362 ta bojxona qonunchiligi buzilishi holatlari aniqlandi. Ular bo‘yicha 39 milliard 559,7 million so‘mlik tovar moddiy boyliklar ushlab qolingan.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmatidan olingan xabarga ko‘ra, o‘tgan davr mobaynida viloyat bojxona boshqarmasiga jismoniy shaxslardan 45 ta hamda yuridik shaxslardan 57 ta yozma murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, tegishli tartibda ko‘rib chiqilgan.
Zarif Komilov, O‘zA