O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan energetika ob’ektlarida elektr qurilmalarini texnik ekspluatatsiya qilish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yaqinda hududlardagi podstansiyalar va transformator punktlaridagi kontaktlar va boltli birikmalarda paydo bo‘layotgan qizishlarni aniqlash bo‘yicha teplovizor ko‘riklari ham o‘tkazildi.
Unda 112 ta podstansiyadagi elektr qurilmalarning 356 tasida me’yoridan ortiq qizish holati aniqlandi. Energetika ob’ektlaridagi mas’ul shaxslar tomonidan kontakt birikmalardagi qizishlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z vaqtida choralar ko‘rilmayotgani oqibatida avariyaviy o‘chishlarga, uskunalar shikastlanishiga va o‘z navbatida elektr ta’minoti buzilgan iste’molchilarning o‘rinli e’tirozlariga sabab bo‘luvchi holatlar yuzaga kelmoqda.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari bo‘yicha ma’lumotnomalar rasmiylashtirilib, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan tizim korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar berildi va uning bajarilishi nazoratga olindi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA