2025 yilning 11 oyida mamlakatimizga 10,7 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Ularga 4,4 milliard dollar miqdorida turizm xizmatlari ko‘rsatilgan. Qo‘shni davlatlar va MDH mamlakatlaridan kelgan sayyohlar soni 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,1 barobarga, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar soni esa 1,5 barobarga oshgan.
Shuningdek, o‘tgan yilda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida aholining hududlarga 23,7 milliondan ortiq tashriflari amalga oshirilgan.
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugungi majlisida aytib o‘tildi. Unda deputatlar Turizm qo‘mitasi raisi A.Aqqulovning “Sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan shaharlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga berilgan javobini ko‘rib chiqdi.
Qo‘mita raisining javobida keltirilganidek, hududlarda jami 954 ta joylashtirish vositalari, jumladan, 128 ta mehmonxona, 506 ta oilaviy mehmon uyi, 268 ta xostel va 52 ta boshqa turdagi joylashtirish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Turizm mahallalari va qishloqlari soni 32 taga yetkazilib, turizm va unga yondosh sohalarda 16,1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Turistlar ko‘p tashrif buyuradigan joylar, aholi gavjum hududlar hamda avtomobil yo‘llari bo‘ylab respublika miqyosida 11 mingga yaqin sanitariya-gigiyena shoxobchalarining holati yaxshilandi, shundan 6 mingdan ortig‘i yangidan barpo etildi. Natijada respublikadagi barcha yoqilg‘i quyish shoxobchalarining zamonaviy sanitariya-gigiyena ob’ektlari bilan ta’minlanish darajasi 20 foizdan 98 foizga yetkazildi.
Parlament so‘roviga kelgan javobda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining turizm sohasidagi islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida jami qiymati 558,5 million AQSH dollarini tashkil etuvchi 56 ta loyiha amalga oshirilib, ular orqali 6 ming 141 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Buxoro viloyatida 3 ta motel, Namangan viloyatida 1 ta kemping va 1 ta kemping oromgohi, Navoiy viloyatida 1 ta kemping oromgohi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent va Xorazm viloyatlarida motellar hamda kemping oromgohlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Muhokamalarda turizm infratuzilmasini yanada rivojlantirish, turistik marshrutlar sonini ko‘paytirish, turizm qishloqlari sonini oshirish, yirik shaharlar, tuman markazlari va avtomobil yo‘llari bo‘ylarida zamonaviy, yengil konstruksiyali sanitariya-gigiyena shoxobchalarini ko‘paytirish yuzasidan taklif-tavsiyalar berildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA