French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1,1 mingdan ortiq qonun hujjatlarining 65 foizida raqobatga zid normalar aniqlangan
16:40 / 2022-11-07

Raqobat bor joyda o‘sish, rivojlanish bo‘ladi. Shunday ekan, har bir sohada sog‘lom raqobat muhitining mavjudligi yangi marralarga yo‘l ochadi.

Amaldagi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun 10 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablariga javob bermay qo‘ygan. Hozirda ushbu yo‘nalishda ko‘plab muammolar borligi sababli raqobat muhitiga o‘z salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Xususan, tayyorlanayotgan qonun hujjatlarida raqobatga zid va tadbirkorlikni qiyinlashtiruvchi normalar ko‘pligi ma’lum bo‘lgan. Ya’ni tegishli mutasaddi idoralar tomonidan 1,1 mingdan ortiq qonun hujjatlari raqobatga ta’siri baholanganda, 65 foizida raqobatga zid normalar aniqlangan.

Shuningdek, qonunchilikda tabiiy monopoliyalarni e’tirof etish yondashuvi eskirgan. Natijada raqobat muhiti shakllantirilishi mumkin bo‘lgan tovar bozorlarida sun’iy ravishda tabiiy monopoliyalar saqlanib qolmoqda.

Shu bois yangi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, parlament quyi palatasiga kiritildi. Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ushbu qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

— Iqtisodiyotning rivojlanishi, xizmat ko‘rsatish turlarining kengayishi munosabatlarning huquqiy asoslarini takomillashtirishni, elektron texnologiyalar imkoniyatlari kengayib borayotgan jarayonda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashni taqozo etmoqda, — dedi deputat Ruslan Jumamurodov. — Yangidan ishlab chiqilgan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ushbu dolzarb masalalar qamrab olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektron to‘lov tizimida 4 ta, elektron bank to‘lov tizimida 30dan ortiq, reklama va e’lonlar sohasida 20dan ortiq, onlayn do‘konlar sohasida 40dan ortiq va boshqa onlayn xizmatlar sohasida 100dan ortiq xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, ushbu jarayonda yirik raqamli platformalar birinchi navbatda bizning shaxsiy ma’lumotlarimizdan erkin foydalanish imkoniyati orqali bozorlarda o‘z hukmronligini o‘rnatmoqda va iste’molchilar tanlovini manipulyatsiya qilish imkoniyatiga erishmoqda. Masalan, Google, Apple, Microsoft, Amazon, Facebook (Meta), Alibaba kabi kompaniyalar transchegaraviy ustun mavqega ega bo‘lmoqda va bu jarayonlar, albatta, O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmaydi.

Biroq raqamli platforma, onlayn qidiruv veb-sayti, operatsion tizim, dasturiy ta’minot yoki mobil ilova orqali realizatsiya qilinayotgan tovarlarning muomala doirasiga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, raqobatbardoshlikni oshirish, investitsiyalarni, avvalambor iqtisodiyotning bazaviy va tarkibiy asosini tashkil etuvchi sohalarga jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini yanada qisqartirishga xizmat qiladi.

Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilish chog‘ida uni yanada takomillashtirish bo‘yicha asosli takliflarni ilgari surdi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.

Muhtarama Komilova, O‘zA