Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
1,1 milliard so‘mga yaqin kuchli ta’sir qiluvchi dorilar fosh etildi
16:34 / 2021-08-10

Respublikamiz bojxonachilari tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining respublikamiz hududida noqonuniy muomalada bo‘lishi va g‘ayriqonuniy savdosiga qarshi tizimli kurash olib borilmoqda.

Xususan, Davlat bojxona qo‘mitasining Toshkent shahar bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari xodimlari tomonidan davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘p bosqichli tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni aylanma yo‘llar orqali respublikamiz hududiga olib kirib, so‘ngra ularni Toshkent shahrida pullashga uringan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.  

Poytaxtimizning Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirning dastlabki bosqichida avvaldan kuzatuvga olingan fuqaro boshqaruvidagi “Mersedes bens sprinter” rusumli yuk avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.  

Qarangki, mazkur avtomashina yukxonasidagi bodring solingan qoplar ostida 9 ta qopda hamda yo‘lovchi o‘rindig‘i ostidagi 1 ta qopda jami 6076 ta flakonda “Tropikamid” tomchi dorilari yashirilgan ekan.  

Poytaxtimizning Bektemir tumanida tezkor tadbir davom ettirilib, mazkur dorilarni qabul qilib olishi lozim bo‘lgan shaxs ham qo‘lga olindi.  

Jinoiy guruhning qing‘ir rejasiga ko‘ra, mazkur dori vositalari keyinchalik shahar dorixonalari bo‘ylab tarqatilishi lozim edi.  

Ushbu holatda huquqbuzarlardan olib qo‘yilgan “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining umumiy qiymati 1 mlrd. 93 mln. 680 ming so‘mni tashkil qilmoqda.  

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan poytaxtimizning Yangihayot tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida avvaldan kuzatuvga olingan shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” avtotransport vositasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.  

Natijada mashina salonida 500 dona flakonda “Tropikamid” kuchli ta’sir etuvchi dori vositasi, 3 dona “Regapen” kapsulasi, 0,32 gr. gashish va 1 dona elektron tarozi borligi aniqlandi.  

Tezkor tadbirning navbatdagi bosqichi Chilonzor tumanida davom ettirildi.  

Bu gal avvaldan kuzatuvga olingan 2 nafar shaxs Qatortol ko‘chasida boshqa bir shaxsga 503 dona kuchli ta’sir qiluvchi modda - “Regapen” dori vositasini oldi-berdi qilayotgan vaqtida to‘xtatib qolindi.  

Shunday qilib, yuqoridagi holatlarda kelgusida yurtdoshlarimizning, ayniqsa, yoshlarning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan, qiymati salkam 1,1 mlrd. so‘mlik  kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.  

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib boilmoqda.  

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi  

axborot xizmati