Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
11 dekabr – Xalqaro tog‘lar kuni
10:39 / 2025-12-11

11 dekabr – Xalqaro tog‘lar kuni dunyo miqyosida tog‘li hududlarga e’tibor qaratiladigan, ularning ekologik ahamiyati keng muhokama etiladigan muhim sana sifatida nishonlanadi. Ushbu kun 2003 yil yanvar oyida BMT Bosh assambleyasining 57-sessiyasida tasdiqlangan bo‘lib, unda tog‘li hududlarni rivojlantirish va ulardagi aholiga ko‘mak berishga keng omma e’tiborini jalb qilish maqsadida turli tadbirlar o‘tkaziladi.

Tog‘lar Yer yuzining qariyb 25 foizini egallaydi. Ular nafaqat geografik hudud sifatida, balki iqtisodiy, ekologik, ijtimoiy barqarorlikning ajralmas omili sifatida ham juda muhim sanaladi. Dunyo aholisining 10 foizga yaqini bevosita tog‘larda yashaydi. Bundan tashqari, tog‘lar atrofida ekotizimlar va suv resurslaridan milliardlab insonlar bahramand bo‘ladi.

Albatta, tog‘lar ko‘plab noyob o‘simlik va hayvon turlari uchun tabiiy qo‘riqxona vazifasini o‘tashi va yerdagi barcha asosiy daryolarning manbai sanalishini yodda tutish zarur. Biroq, hozirgi kunda tog‘larning zaif ekotizimga aylangani tez-tez ta’kidlanmoqda. Tog‘larning muhim global ahamiyati shundaki, ular chuchuk suv xalqaro zaxirasining katta qismini saqlashga xizmat qiladi, shuningdek, tog‘larda noyob biologik xilma-xillik tarqalgan.

Bugungi kunda atrof-muhit holatining salbiy tomonga o‘zgarishi tog‘larda qurg‘oqchilik, ko‘chkilar, suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlarni keltirib chiqarmoqda. Bularning barchasi tog‘li hududlardagi kamyob tabiat yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun tog‘larni saqlab qolishda xalqaro hamjamiyat e’tiborini ushbu muammolarga jalb qilish muhim sanaladi.

Tog‘lar sayyoramizning tabiiy ustunlari, suv va hayot manbai, madaniy boyliklar makoni hisoblanadi. Shu bois, har yili 11 dekabr kuni nafaqat tadbirlar o‘tkazish, balki tog‘larni saqlashga doir amaliy ishlarni kuchaytirish, global hamjihatlikni mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Dildora DO‘SMATOVA,

O‘zA