Mamlakatimizda 11-16 noyabr kunlari joriy yilgi Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi.
O‘zbekiston diyorida azaldan turli millat va elat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek yashab kelmoqda. Zotan, bag‘rikenglik, mehr-muruvvat xalqimizning azaliy fazilatlaridan sanaladi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan yangilanish jarayonlarida millatlararo totuvlikni ta’minlash, jamiyatimizda ijtimoiy barqarorlik, o‘zaro mehr va oqibat, inson sha’ni, qadr-qimmatini ulug‘lashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashab kelayotgan 130 dan ziyod millat va elatlarning vakillari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari taqdim etgan teng huquq va imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada, ilm-fan va madaniyat yo‘nalishlarida samarali mehnat qilmoqda. Vatanimiz ravnaqi, uning mustaqilligini mustahkamlashga, respublikaning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va imijini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Bir necha yildirki, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda “Bag‘rikenglik haftaligi” yuqori saviyada va baland ruhda o‘tkazilmoqda. 16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga uyg‘un tarzda nishonlanib kelinayotgan ushbu ma’rifiy haftalik millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik, do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, yoshlarni eng ezgu va olijanob g‘oyalar asosida kamolga yetkazish borasida O‘zbekiston tomonidan to‘plangan ijobiy tajribani jahon miqyosida namoyish etishga imkon bermoqda. Ayni paytda bu boradagi ezgu va ibratli ishlar dunyoning aksariyat davlatlari uchun namuna ekanini bugungi kunda ko‘plab xalqaro tashkilotlar, yirik olimlar, ekspertlar yuksak e’tirof etmoqda.
11-16 noyabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkaziladigan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida mahallalar, ta’lim dargohlari, maktablar, oliy o‘quv yurtlarida millatlar o‘rtasidagi totuvlikni asrashga oid turli tadbirlar, insholar tanlovlari, “Milliy an’ana va udumlar” nomli ko‘rgazmalar, musiqiy tadbirlar, she’rxonlik kechalarini o‘z ichiga olgan “Bag‘rikenglik festivallari” o‘tkaziladi.
Davlat muassasalari, o‘quv maskanlarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzusida ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Shu bilan birga, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzusidagi davra suhbatlari, ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududlardagi xiyobon va sayilgohlarda “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli madaniy tadbirlar, ijodkor ziyolilar, qardosh xalqlarning yozuvchi va shoirlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida adabiy- badiiy asarlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va nodavlat telekanallar tomonidan yurtimizdagi millatlararo tinchlik va do‘stlik, o‘zaro hamjihatlikni, buyuk ajdodlarimiz merosini namoyish etuvchi filmlar, turkum ko‘rsatuvlar, badiiy va hujjatli filmlar xalqimizga taqdim etiladi.
Haftalik davomida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi va ko‘plab hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Toshkent Fotosuratlar uyida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli ko‘rgazma, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birga, “Yangi O‘zbekiston kitob va kitobxonlikdan boshlanadi” nomli badiiy asarlar ko‘rgazmasi, she’rxonlik kechalari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, diniy va millatlar o‘rtasidagi bag‘rikenglikni ta’minlashga munosib hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarimizning katta guruhini “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan tantanali taqdirlash marosimi, O‘zbekiston madaniyati va san’ati ustalari, milliy madaniyat markazlarining badiiy jamoalari ishtirokida “Bag‘rikenglik ohanglari” nomli gala-konsert ham o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarning barchasi O‘zbekistonda tinchlik va totuvlik, do‘stlik, inoqlikni, ijtimoiy barqaror muhitni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi, har bir yurtdoshimizning insoniylik, chin farzandlik burchi ekanini yana bir karra namoyish etadi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri