Har yili Mustaqillik kuni arafasida ko‘plab yurtdoshlarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanadi. Ular orasida 100 yoshdan oshgan nuroniylarimizga ham alohida ehtirom ko‘rsatilib, "Shuhrat" medali beriladi. Joriy yilda ham bu an’ana davom etdi.
Mustaqilligimizning 34 yilligi bayrami Bog‘ot tumanidagi Qipchoq mahallasida umrguzaronlik qilayotgan 108 yoshli qarshilagan Naziba momo Galimova uchun qo‘shaloq shodiyonaga aylandi. Naziba momo Galimova “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
Shu munosabat bilan Xorazm viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimov onaxonning xonadonida bo‘lib, unga davlatimizning yuksak mukofotini topshirdi. U bilan bugungi kun shukronasi, yurtimizdagi, viloyatdagi o‘zgarishlar, tinchlik-osoyishtalik haqida suhbatlashdi.
– Bir asrdan ortiq umrim davomida juda ko‘p mashaqqatlarni, og‘ir davrlarni boshimdan o‘tkazdim, – deydi yuz yoshli onaxon. – Ushbu dorilomon kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukr aytib, odamlarning farovon yashashi yo‘lida xizmat qilayotgan davlatimiz rahbariyatiga sog‘lik-omonlik so‘rab, har kuni duo qilaman.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari